Musobaqada onam ham yugurdi
Ayol nafosati bilan goʻzal. Nafislik siri esa sportda.
Ayol nafosati bilan goʻzal. Nafislik siri esa sportda. Bu – mutaxassislar xulosasi. Shu bois, ham sogʻlom, ham goʻzal boʻlishni istagan opa-singillarimizga sport bilan faol shugʻullanish tavsiya etilayotir.
Muhimi, bu boradagi targʻibotlar natijasiz qolayotgani yoʻq. Sirdaryo tumani ayollari oʻrtasida oʻtkazilgan “Sport nafislik va salomatlik garovi“ sport musobaqasi soʻzimizga yaqqol misol.
Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi va Sirdaryo viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan mazkur musobaqa noanʼanaviy tarzda boshlandi. Erta tongdan musobaqada qatnashish uchun yuzlab ayollar jam boʻlishdi. Ular dastlab Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi E.Bositxonova boshchiligida chigalyozdi jismoniy mashqlarini bajarishdi. Shundan soʻng turli masofalarga yugurish bellashuvlariga start berildi.
– Xuddi bayramga kelgandek hammamiz xursandmiz, – deydi Inara Mamedova. – Bellashuvlarda onam ham ishtirok etyapti. Yugurganlarini birinchi marta koʻrdim. Kayfiyatim yanayam koʻtarilib ketdi. Sport insonni ruhan tetik qilishi rost ekan. Bunday tadbirlar koʻpayishini istardim. Hozir oilaviy kelib onamni qoʻllab-quvvatlayapmiz. Nasib boʻlsa, sport bilan doimiy shugʻullanishni odat qilamiz.