Musobaqa g‘oliblari aniqlandi
Buxoroda yoshlar o‘rtasida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida sportning kurash turi bo‘yicha “Bosh prokuror kubogi” musobaqasining viloyat bosqichi final bahsi va taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Botir Zaripov, viloyat prokurori Ulug‘bek Hamdamov, sportsevar yoshlar, sport murabbiylari hamda faxriylari qatnashdi.
Tadbirda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini oshirish, aholi, ayniqsa, mahallalardagi yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tilga olindi. Ayniqsa, “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalarining tashkil qilinayotgani alohida e’tirof etildi.

“Bosh prokuror kubogi” musobaqasining viloyat bosqichida mahalla, sektor, shahar-tumanlar bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan 200 nafarga yaqin o‘g‘il-qizlar g‘oliblik uchun bellashdi. Xususan, o‘g‘il bolalar 5 ta vaznda, qizlar esa 4 ta vazn toifasida musobaqada ishtirok etdi.


Qiziqarli bahslarga boy o‘tgan final musobaqalaridan o‘z vaznida tengsiz deb topilgan yoshlar munosib taqdirlandi. Bundan tashqari, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida kurash sport turi bo‘yicha “Bosh prokuror kubogi” musobaqasini tashkil etishda jonbozlik ko‘rsatgan tuman, shahar sektorlar rahbarlari va mas’ullarga viloyat hokimining tashakkurnomasi topshirildi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri.