“Mushtum” yana safga qaytdi
Yurtimizdagi yagona hajviy jurnal, deya e’tirof etiladigan “Mushtum” ayrim sabablarga ko‘ra chop etishdan to‘xtab qolgandi. Xayriyat, tanaffus uzoqqa cho‘zilmadi. Tashabbuskorlar ko‘magi bilan jurnalning yangi soni chop etildi.
Milliy matbuot markazida qayta chop etila boshlangan “Mushtum”ning yangi soni taqdimoti o‘tkazildi. Tadbirda ustoz jurnalistlar, oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari, talabalar va OAV vakillari ishtirok etishdi. Jurnalning safga qaytishida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining ham hissasi bor.
– Biz obuna masalasida joylarda yurganimizda ko‘pchilik yoshlar hali harf tanimay turib, bu jurnaldagi rasmlarga qarab ulg‘ayganini, "Mushtum" ota-onalari, aka-opalarining sevimli jurnali bo‘lganini ta’kidlashdi, – deydi jurnalning bosh muharriri Nosirjon Toshmatov.
– Bu jurnal bir asrlik faoliyati davomida har bitta o‘zbek xonadoniga kulgi-qahqaha, hazil-mutoyiba olib kirdi. Feletonlar orqali jamiyatni turli illatlardan tozalashga hissa qo‘shdi. U bundan keyin ham kundalik hayotimizda uchrayotgan zararli odatlarga qarshi kurashishda muhim ma’naviy vosita vazifasini o‘taydi, deb ayta olamiz.

Ma’lumki, barchamiz uchun suyukli bo‘lgan ushbu jurnal 1923 yilda tashkil topgan. Jurnalga buyuk yozuvchimiz Abdulla Qodiriy va uning maslakdoshlari asos solgan. Uning birinchi bosh muharriri G‘ozi Yunus, birinchi bosh rassomi Ishtvan Tula bo‘lgan.
– Keyingi paytlarda biz tanqidni ko‘tarolmaydigan, hazm qilolmaydigan bo‘lib qolgandik, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev.

– Vaholangki, milliy mentalitetni rivojlantirish uchun bizga aynan tanqid kerak. Tanqid kelajak mevasi deb bejiz aytishmagan. Bu jurnal tashkil qilganida Qodiriylar jamiyatda halollik, to‘g‘riso‘zlik bo‘lishini maqsad qilgan. Jamiyatni ma’naviyat bilan birga tanqid rivojlantiradi. Jurnalning har bir sonini yurtimizdagi hokimlar, rahbarlar meni tanqid qilishmadimikan, degan hadik bilan ochib o‘qisin. Avvalgidek hammani hushyor torttiradigan jurnalga aylansin.
Taqdimot marosimida OAV xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Jurnalning kelgusidagi faoliyatiga doir masalalar ham muhokama qilindi.

Nigora Rahmonova, O‘zA