Musavvirlar o‘quvchilar huzurida
Namangan viloyati Namangan tumanidagi 37-umumta’lim maktabida yoshlar ma’naviy tarbiyasida tasviriy san’at va badiiy adabiyotning o‘rni masalasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Namangan viloyati Namangan tumanidagi 37-umumta’lim maktabida yoshlar ma’naviy tarbiyasida tasviriy san’at va badiiy adabiyotning o‘rni masalasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.Namangan viloyati xalq ta’limi boshqarmasi, viloyat metodika markazi hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Namangan viloyati bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Namangan davlat universiteti o‘qituvchilari, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi a’zolari, shoir-yozuvchilar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Prezidentimiz rahnamoligida yosh avlod kamoloti yo‘lida yaratilayotgan sharoitlar, iste’dodli yoshlarni kashf etish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan doimiy e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
Tadbirda ijodkorlar ta’lim dargohi qoshidagi tasviriy san’at, xalq amaliy san’ati va badiiy hunarmandlik to‘garaklarida izlanayotgan iqtidorli yoshlarning ijod namunalari bilan tanishdi.
Rassom va adiblarning o‘quvchilar bilan ijodiy muloqotida maktabning tasviriy san’at fani o‘qituvchisi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Valijon Abdullayev rahbarligida iqtidorli yoshlar to‘garagi a’zolari tasviriy va amaliy san’at, xalq badiiy hunarmandchiligi, me’morlik, ularning tarixi, janr va turlari, dunyoga mashhur musavvirlar to‘g‘risidagi bilimini namoyish etdi.
O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi, Badiiy akademiya a’zosi, naqqosh va musavvir Asqarali Akbarov, rassomlar Komiljon Qambarov, Hakimjon Rizayev va boshqalar o‘quvchilarga inson kamolotida san’atning o‘rni va o‘z ijodiy yo‘llari haqida gapirib, mahorat saboqlari o‘tkazdi.
– Prezidentimiz ta’kidlaganidek, farzandlarimizni har tomonlama barkamol insonlar etib voyaga yetkazishda jismoniy tarbiya va sport bilan birga, san’at va musiqiy tarbiya ham beqiyos ahamiyatga ega. Jismoniy tarbiya va sport insonning irodasini tarbiyalasa, musiqa san’ati uning ruhiga oziq beradi, qalbini, eng nozik tuyg‘ularini kamolga yetkazadi, – deydi 37-umumta’lim maktabi direktori, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi Ma’suda Mirzaliyeva. – Shu nuqtai nazardan, bugungi tadbir ham yoshlarning ongi va qalbiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, taniqli ijodkorlar, naqqosh va musavvirlar ishtirokidagi mahorat darslari o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi.