Musaffo kelajakni yaratish o‘z qo‘limizda
Mamlakatimizda ekologik vaziyatni yaxshilash va chang-qum bo‘ronlarining zararli ta’sirlarini kamaytirish maqsadida kompleks tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, bu jarayonda davlat tashkilotlari, sanoat korxonalari va aholi birgalikda harakat qilishi ekologik barqarorlikka erishishda asosiy omil hisoblanadi.
Hududlarning yashillik darajasini oshirish va aholiga sog‘lom turmush muhitini yaratishda “Yashil makon” umummilliy loyihasining o‘rni dolzarbdir. Bu tashabbus 2021 yilda start olgan bo‘lib, har yili millionlab daraxt ko‘chatlari ekiladi. Maqsad 2030 yilga qadar mamlakatimizdagi yashil maydonlarni kamida 30 foizga yetkazishdir. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ham ushbu harakatda faol ishtirok etmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, 2024 yil kuz va 2025 yil bahor mavsumlarida kombinat tarkibiy bo‘linmalari tomonidan hudud iqlimi va tabiiy sharoitiga mos 392 ming 521 tup terak ko‘chatlari, 2 million 162 ming 320 dona terak qalamchalari ekish ishlari amalga oshirildi. Endi bu ko‘chatlar shahar ichidagi yo‘l yoqalari, sanoat zonalari, dam olish maskanlari va aholi yashash hududlariga joylashtirilib, havoni tozalash va mikroklimatni yaxshilashda katta rol o‘ynaydi.
Mamlakatimiz Mustaqilligining 34 yilligi ayyomi arafasida kombinat tarkibiy bo‘linmalari tomonidan hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, yangi barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasi hududida hashar ishlari tashkil etildi. “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ezgu g‘oya asosida boshlangan hasharda kombinat tarkibiy bo‘linmalari va pudrat tashkiloti ishchi-xodimlari faol qatnashdi. Unda fabrikaga asosiy kirib keladigan yo‘lning ikki chetiga rayhon va gul ko‘chatlari ekildi.
Shuningdek, 2000 tupdan oshiq chinor va archa nihollari ham o‘tqazildi. Bundan tashqari, konveyer lentasining tagidagi bo‘sh yotgan yerlar ham ko‘kalamzorlashtirilib, archa ko‘chatlari ekildi. Agar mazkur manzilga yo‘lingiz tushsa bu sa’y-harakatlardan dilingiz quvonishi aniq.
Xalqaro tajribalarni kuzatadigan bo‘lsak, Xitoy – “Yashil devor” (Great Green Wall) loyihasi orqali 1978 yildan beri 66 milliarddan ortiq daraxt ekib, chang bo‘ronlarini 20 foizga qisqartirdi. Qozog‘iston – Aralbo‘yi hududida qumli yerlarni mahkamlash uchun saksovul va terakzorlar yaratib, tuproq eroziyasini kamaytirdi. Yevropa Ittifoqi – shahar ichida “Green Cities” dasturini amalga oshirib, aholi sog‘lig‘ini va iqlim barqarorligini yaxshilashga qaratilgan yashil infratuzilmalarni rivojlantirmoqda.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Yashil makon” – bu bir yillik aksiya emas, balki uzoq muddatli milliy harakatdir. Bu – kelajak avlodning munosib ekologik muhitda yashashini ta’minlaydigan strategiya. Shuni to‘g‘ri tushungan holda yer va suv resurslarini tejashimiz, atrof-muhitga zarar yetkazmasligimiz, daraxtlar ekish va mavjud yashil hududlarni asrab-avaylashga hissa qo‘shish orqali bu jarayonda faollik ko‘rsatishimiz zarur.
A.Musayev, O‘zA.