Muruvvatni koʻz-koʻz qilmang...
Yaqinda Sardoba suv omborida yuzaga kelgan holat oqibatida roʻy bergan suv toshqinidan aziyat chekkan aholiga butun mamlakatimiz, xalqimiz yordamga oshiqdi.
Yaqinda Sardoba suv omborida yuzaga kelgan holat oqibatida roʻy bergan suv toshqinidan aziyat chekkan aholiga butun mamlakatimiz, xalqimiz yordamga oshiqdi. Oʻsha kunlarda Samarqanddan oʻnlab mashinalarda oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-roʻzgʻor buyumlari Sirdaryoga yetkazildi. Aholi ham ushbu xayrli ishdan chetda turmay, imkon qadar yordam berishga harakat qildi. Lekin hech kim nima olib kelgani yoki necha soʻm berganini tashkilotchilarga yozdirmadi, hatto nomini ham aytmadi. Oʻzimiz ham shunday holatlarga guvoh boʻldik, “iltimos, suratga olmang, kimligimizni yozmang, hech kimga aytib oʻtirmang, ehsonni chin yurakdan qilyapmiz” deganlar koʻp boʻldi.
Bu oʻrinda yirik tashkilotlar, tadbirkorlarning yoʻli boshqa, ularga balki hisobot yoki boshqa maqsadda buni qayd etib qoʻyish zarurdir. Buni tushunish mumkin (ular orasida muruvvatini keng ommaga aytishdan istihola qilayotganlar ham koʻp).
Lekin hozir koronavirus pandemiyasi sharoitida aholining ehtiyojmand qatlamiga “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida yoki markazlashgan holda berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini tarqatish jarayonini suratga olib namoyish etish, ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirish juda ommalashib ketdi. Bunga oʻsha koʻmakni olayotgan kishilar rozi boʻlsa, yaxshi. Ammo norozi boʻlayotganlar ham kam emas-da. Chunki muruvvatni koʻz-koʻz qilish, baribir, minnatga yaqin.
Ayniqsa, jismoniy imkoniyati cheklangan, xasta kishilarni, toʻshakda boʻlsa-da, suratga olish, rahbarlarga rahmat ayttirish hech bir mezonga toʻgʻri kelmaydi-ku.
Mayli, hisobot uchun suratga tushiring, fikrini yozib oling. Lekin keng ommaga namoyish etishdan biroz tiyilsangiz yaxshi boʻlardi.
Bu – davlatning, koʻpchilikning yordami bilan toʻplangan fonddan bugun ijtimoiy koʻmakka muhtoj boʻlib qolgan oilalarga ajratilayotgan yordam. Siz shunchaki yetkazib beryapsiz, vositachisiz, xolos.
Oʻzingiz homiylik qilib berganingizda ham, olayotgan narsalari uchun oriyatdan yuzi qizarib turgan yoki nogironligidan oʻkinayotgan odam bilan suratga tushib, buni ijtimoiy tarmoqda eʼlon qilish muruvvatdan koʻra koʻproq minnatga oʻxshaydi.
Muruvvat, xayr-saxovat chin dildan bajariladi, oʻng qoʻl berganini chap qoʻl bilmasligi kerak, degan gaplarni hammamiz yaxshi bilamiz. Iltimos, shu bilganlarimizga amal qilaylik. Ozgina kamtar boʻlaylik!