“Muruvvat” internat uyi kasaba uyushmalari e’tiborida
11 noyabr – Kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan Sirdaryo tumanidagi “Muruvvat” uyida yashovchi xotin-qizlar holidan xabar olindi.
Viloyat kasaba uyushmalari kengashi raisi Rustambek Tursunmurodov boshchiligida va tuman bosh imomi ishtirokida qo‘y so‘yilib ehson qilindi.
Kasaba uyushmalari kuni nafaqat kasaba uyushma xodimi balki, barcha a’zo tashkilot xodimlari bayrami hamdir. Shu munosabat bilan muloqot va bayram tadbirlari o‘tkazilmoqda.

“Muruvvat” uyida yashovchi 274 nafar bemor ayollarga 170 nafar shifokor va tarbiyachilardan iborat xodimlar xizmat ko‘rsatayotir. Kasaba uyushmalari kuni bayrami arafasida viloyat kasaba uyushmasi vakillari bemorlar holidan xabar olib ularning har biriga odatdagidek kundalik kiyim va gigiyenik vositalar topshirildi. Shuningdek, ko‘p yillar ishlagan, fidoiy xodimlarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari berildi.
Kasaba uyushmalarining ushbu xayrli tadbiri viloyatning Yangiyer shahridagi “Muruvvat” nogiron ayollar uyida ham o‘tkazildi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA