Murojaatlarning aksariyati ijobiy hal qilinmoqda
Aholini o‘ylantirayotgan masalalar yoki joylarda yuzaga kelayotgan muammolarni hal etishda Prezident Virtual va Xalq qabulxonalarining o‘rni oshib bormoqda. Odamlar bugun u yoki bu masalada davlat boshqaruvi organlari bilan birga mazkur qabulxonalarga murojaat qilib, masalaga yechim topmoqda.
Respublikamizda aholisi eng ko‘p tumanlardan biri hisoblangan Urgut tumanidagi Xalq qabulxonasiga yilning o‘n oyida yuridik va jismoniy shaxslardan 8349 ta murojaat tushibdi. Qabulxona mudiri Abduaziz Xudoyberdiyevning ma’lum qilishicha, shu paytgacha bu murojaatlarning 6101 tasi yoki 79 foizi qanoatlantirilgan. 1357 tasi yuzasidan huquqiy tushuntirish berilgan va 615 tasi ayni paytda o‘rganish jarayonida ekan.
Sektorlar bo‘yicha tuman hokimining sektorida 2129 ta murojaatning 877 tasi ijobiy yechim topgan. Tuman prokurori boshchiligidagi 2-sektorda esa 2284 ta murojaatdan 886 tasi, IIB boshlig‘i yetakchiligidagi 3-sektorda 2485 tadan 971 tasi va soliq inspeksiyasi boshlig‘i cyektorida 1451 ta murojaatning 572 tasi ijobiy hal etilgan.
– Xalqning dardini, murojaatlarini eshitish, ularga yechim topish va aholini rozi qilish – asosiy vazifamiz, – deydi Abduaziz Xudoyberdiyev. – Shuning uchun, imkon qadar, murojaatlarni ijobiy hal qilishga intilamiz. Tuman hokimligi va boshqa tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda ishlaymiz. Bu har bir masalaga tezkor yechim topishda muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga aholi o‘rtasida huquqiy targ‘ibot, tushuntirish ishlarini olib borish aholining huquqiy madaniyati oshishiga va murojaatlar kamayishiga yordam beradi. Nima uchun buni aytyapman? Bunga asoslarimiz bor. Chunki, yil boshidan buyon murojaatlarning eng ko‘pi (654 tasi) bolalar nafaqasi bilan bog‘liq bo‘ldi. Aslida, bu borada hech qanday muammo bo‘lishi mumkin emas. Sababi hozirda bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlash elektron tizim orqali amalga oshiriladi va buning uchun idorama-idora yurishga hojat yo‘q. Ammo hamma ham buni bilmasligi oqibatida ushbu masalada mahallaga, keyin bizga yoki hokimlikka murojaat qilishadi. Bundan tashqari, aliment undirish (475 ta), elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar (291 ta), suyultirilgan gaz bilan ta’minlash (259 ta), mahalla ichki yo‘llarini ta’mirlash (176 ta), davolanish va jarrohlik amaliyoti uchun moddiy yordam (137 ta) bilan bog‘liq murojaatlar ham ko‘p bo‘ldi. Chag‘izmon, Quyi Torinjak, Choshtepa mahallalari aholisi yo‘l, elektr, gaz va ichimlik suv suvi ta’minoti, internet aloqa tarmog‘i tortish hamda ijtimoiy soha ob’ektlaridagi muammolar yuzasidan murojaat qilgandi. O‘z navbatida biz bu masalalar yuzasidan tuman, zarur paytda viloyat hokimligiga va boshqa tashkilotlarga chiqib, mablag‘ ajratilishiga, muammolar ijobiy hal etilishiga erishayapmiz.
Choshtepa mahallasi tuman markazidan 20 kilometr uzoqlikda joylashgan. Choshtepa, Qumbelsoy va Polvon qishloqlaridan iborat mahallada 3272 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahalla aholisining qishloqlardagi ichki yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha Xalq qabulxonasiga murojaatdan so‘ng, 700 metr yo‘lga asfalt yotqizildi. Tuproq yo‘llarga esa tosh-shag‘al to‘shaldi.
– Hududni obodonlashtirish va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida mahalladagi qabriston va uning atrofi obodonlashtirildi – deydi Choshtepa mahallasi raisi Umid Ro‘ziqulov. – Aholiga 150 tonna ko‘mir va 80 ta suyultirilgan gaz balloni yetkazib berildi. Bu boradagi ishlar davom etmoqda.
Tumandagi Xalq qabulxonasiga murojaat qilganlar orasida tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida subsidiya asosida asbob-uskuna yoki imtiyozli kredit so‘ragan ishsiz fuqarolar ham bor. Beshkapa mahallasida yashovchi Zarina Rasulova aynan shu masalada murojaat qilgandi.

– Ishsizligim sababli “Ayollar daftari”ga kiritilgan edim, – deydi Zarina Rasulova. – Biror bir faoliyat bilan shug‘ullansam, davlat tomonidan imtiyozlar berilishini aytishdi. Keyin tikuvchilik bilan shug‘ullanish va imtiyozli kredit olish maqsadida Xalq qabulxonasiga murojaat qildim. 15 million so‘m kredit berildi va tuman hokimligi tomonidan ajratilgan binoda tikuvchilik sexi tashkil qildim. Hozir o‘zim va yana besh nafar xotin-qiz bilan tikuvchilik qilyapmiz, tadbirkorlik faoliyatimni boshladim. Chopon tikyapmiz. Dastlab boshqa tadbirkorlarning buyurtmasini bajarardik. Endi o‘zimiz bozorga mahsulot chiqaryapmiz. Qishloqdagi boshqa ayollarni ham kasanachi sifatida ishga jalb qilib, faoliyatimizni kengaytiryapmiz. Kelgusida zamonaviy uskunalar xarid qilib, besh turdagi mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari