Murojaatlarga yechim izlandi
Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi rahbari Sirojiddin Eshquvvatov ishtirokida sayyor qabul tashkil etildi. Ushbu qabul aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlash, mavjud muammolarni joyida hal etish maqsadida o‘tkazildi.
Qabul jarayonida yuridik va jismoniy shaxslarning qurilish sohasi, ko‘p kvartirali uy-joy fondiga xizmat ko‘rsatish, kommunal xizmatlar, shuningdek ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimlari bilan bog‘liq murojaatlari atroflicha o‘rganildi.
Mazkur sayyor qabul doirasida 40 dan ortiq murojaat atroflicha ko‘rib chiqildi. Har bir murojaat yuzasidan amaldagi qonunchilik talablari asosida huquqiy tushuntirishlar berilib, muammolarni bartaraf etish bo‘yicha choralar belgilandi. Jumladan, qurilish ishlarida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha pudrat tashkilotlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi. Kommunal xizmatlar sifatiga oid shikoyatlar yuzasidan esa mas’ul tashkilotlarga aniq vazifalar yuklatildi.
– Yashayotgan uyimiz oldidan bolalar maydonchasi qurib berishni so‘rab murojaat qildim, – deydi Navoiy shahridagi Janubiy ko‘chasi 13-uyda istiqomat qiluvchi Nigora Rustamova. – Murojaatim hududiy inspeksiya xodimlari tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi. Dasturga kiritilgan ekan. Joriy yil yakuniga qadar bolalar maydonchasi qurib berilishi ma’lum qilindi.
[gallery-29130]
– Men esa ko‘chamizdagi aksariyat ko‘p qavatli uylarning kommunikatsiya tizimlari eskirganligi yuzasidan murojaat qildim, – deydi Navoiy ko‘chasi 48-uyda yashovchi O‘tkir To‘xtasinov. – Murojaatim yuzasidan o‘rganish o‘tkazilib, boshqaruv servis kompaniyasi tomonidan kommunikatsiya tizimlarini almashtirish ishlari boshlab yuborildi. Ko‘p qavatli uyda yashovchilar xursand bo‘ldi.
Sayyor qabulda qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan murojaatlar nazoratga olinib, ular bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi. Bu esa aholi muammolariga tezkor va samarali yechim topishga xizmat qiladi.
A. Bo‘riyev, S. Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari