Murojaatlar e’tiborsiz qolmaydi
Milliy matbuot markazida Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Milliy matbuot markazida Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.Davlat bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i F.Safarboyev va boshqalar O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 3-dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonuni bojxona organlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishni yangi bosqichga olib chiqqanini ta’kidladi.
Qonun ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 31-martda qabul qilingan “Davlat organlari va davlat muassasalarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi Namunaviy nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq qo‘mita tomonidan Bojxona organlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Mazkur normativ hujjatlarda nazarda tutilgan talablarni bojxona organlari xodimlariga batafsil yetkazish maqsadida qo‘mitaning markaziy apparati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalari, Oliy harbiy bojxona instituti va Milliy kinologiya markazida o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
2015-yilning 1-dekabriga qadar qo‘mitaga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 1126 murojaat kelib tushgan. Ularning 45,2 foizi Yagona davlat interaktiv xizmatlari portali orqali yo‘llangan. Murojaatlarning 712 tasi jismoniy, 414 tasi yuridik shaxslarga tegishlidir.
Murojaatlarning 36,2 foizi bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi, 17,2 foizi bojxona to‘lovlaridan ozod qilish, 16,4 foizi bojxona organlariga ish yoki o‘qishga kirishga daxldor. Bojxona xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari yuzasidan, bojxona qoidabuzarliklarini aniqlash vaqtida olib qo‘yilgan tovar-moddiy boyliklarni qaytarishga doir va boshqa masalalar yuzasidan murojaatlar yo‘llangan.
Bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish, murojaatlarni bevosita joyiga chiqib o‘rganish maqsadida qo‘mita rahbariyatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘ylab sayyor qabullari tashkil qilinmoqda.
Jamoatchilik hamda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bilan turli uchrashuv, seminar va davra suhbatlari tashkil qilinmoqda. 2015-yilning 11 oyida ikki mingga yaqin shunday tadbirlar o‘tkazildi.
Qo‘mita ishonch telefoniga 32 murojaat kelib tushgan. 2015-yil 1-avgustidan internet tarmog‘ida faoliyat ko‘rsatayotgan qo‘mitaning yangilangan saytida o‘ndan ziyod interaktiv xizmat, fuqarolarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanishi hamda savol yo‘llash imkoniyati yaratilgan.
Tadbirda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.