Murojaatlar bilan ishlashda tizimli yondashuv kuchaytirilmoqda
Bugun “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda aholi murojaatlari bilan ishlash holati, bu boradagi ustuvor vazifalar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish choralari atroflicha muhokama qilindi.
Unda “O‘ztransgaz” AJ boshqaruvi raisi maslahatchisi Lola Sharipova so‘zga chiqib, tashkilotda murojaatlar bilan ishlash tizimida amalga oshirilayotgan ishlar hamda erishilayotgan natijalar xususida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, murojaatlar bilan ishlash bugungi islohotlar jarayonining muhim talablaridan biri bo‘lib, har bir murojaatga mas’uliyat bilan yondashish ustuvor vazifa hisoblanadi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda davlat idoralari va tashkilotlarda murojaatlar bilan ishlash tizimi izchil yo‘lga qo‘yilgan. Har bir murojaatni o‘rganish va uning yechimini topish maqsadida ishchi guruhlar tashkil etilgan bo‘lib, joylarda o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Shu asosda “O‘ztransgaz” AJ tizimida ham murojaatlarga individual yondashuv ta’minlanib, ularni o‘z vaqtida va samarali hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Murojaatlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Surayyo Siddiqjonova ommaviy sayyor qabullar samarasiga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Ta’kidlanishicha, bunday qabullar tasdiqlangan reja-jadval asosida o‘tkazilib, joriy chorak davomida 31 ta murojaat qabul qilingan. Shuningdek, ommaviy qabullar davomida 134 ta murojaat tinglanib, ularning aksariyati bo‘yicha joyida yechimlar ishlab chiqilgan.
– Xususan, Gazli va Kogon magistral gaz quvurlari hududlarida o‘tkazilgan sayyor qabullar aholi bilan bevosita muloqotni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi kunda murojaatlarning asosiy qismi ishga joylashish, razryadni oshirish, autsorsing va qisqartirish kabi masalalarga to‘g‘ri kelyapti. Ushbu yo‘nalishlarda kelib tushayotgan murojaatlar Kadrlar departamenti tomonidan joylarga chiqqan holda o‘rganilib, har biri bo‘yicha aniq va manzilli yechimlar ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, biz fuqarolar bilan ochiq muloqotni ta’minlash va murojaatlar ijrosi samaradorligini oshirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratyapmiz, – dedi S.Siddiqjonova.
Muloqot davomida mas’ullar murojaatlar bilan ishlashda kadrlar mas’uliyatini yanada oshirish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, tizimda har bir masalaga alohida yondashuv asosida ish tashkil etilayotgani, bu esa murojaatlarni o‘z vaqtida va samarali hal etish imkonini berayotgani qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida murojaatlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, aholi bilan ochiq va samarali muloqotni ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA