Murojaatlar bilan ishlash yangicha ruhda olib boriladi
Namangan viloyati hokimligida fuqarolar murojaatlari bilan ishlash va aholini qiynab kelayotgan muammolarga yechim topish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda Prezidentimiz raisligida shu yil 13-martda bo‘lgan aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish, Xalq qabulxonalari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosi muhokama etildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlari, tegishli tashkilot va idoralar mutasaddilari, shahar-tuman hokimlari, Prezident Xalq qabulxonalarining hududlardagi mas’ul xodimlari ishtirokidagi tadbir avvalida tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.

Unda Namangan viloyatining sobiq hokimi, so‘nggi yillarda so‘nggi yillarda respublika Qishloq xo‘jaligi vaziri, Fermerlar kengashi raisi, Kosonsoy tumani hokimi, viloyat Xalq qabulxonasi rahbari lavozimlarida ish olib borgan Bahodir Tursunovich Yusupov Prezidentning Namangan viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudirining o‘rinbosari sifatida rasman tanishtirildi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbarining aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, fuqarolar murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va muammolarni manzilli hal etish yuzasidan yangi tizimda ish tashkil etish borasidagi topshirig‘idan kelib chiqib, 2026-yilning yanvar-iyun oylari davomida viloyat bo‘yicha fuqarolar murojaatlari bilan ishlash holati aniq misollar asosida tahlil qilindi.
Yig‘ilishda fuqarolar murojaatlarini o‘z vaqtida va sifatli o‘rganish, takroriy murojaatlarning oldini olish, murojaatlarda ko‘tarilayotgan muammolarni tizimli asosda hal etish hamda davlat organlari va tashkilotlarining bu boradagi mas’uliyatini yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Namangan viloyati hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov, Prezident Administratsiyasi kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘i o‘rinbosari – Prezident Xalq qabulxonasi boshlig‘i Farrux Omonov o‘rganishlar davomida aniqlangan ayrim kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish va takrorlamaslik chora-tadbirlariga ahamiyat berish lozimligini uqtirib, bu borada mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.

Binobarin, bugungi kunda fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimi – davlat idoralari faoliyatining eng muhim mezonlaridan biriga aylanishi shart. Zero, Yangi O‘zbekistonda inson qadrini yuksaltirish, aholi dardu tashvishlarini o‘z vaqtida eshitish va ularga qonuniy yechim topish, bir so‘z bilan aytganda, xalqimizni rozi qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishidir.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.