Murodjon Ahmadaliyev munosib kutib olindi
Professional boksning WBA va IBF yo‘nalishlarida ikkinchi yarim yengil vazn toifasidagi jahon chempioni, "Rio-2016" Olimpiya o‘yinlari sovrindori, xalqaro toifadagi sport ustasi Murodjon Ahmadaliyev joriy yilning 20 noyabr kuni AQSHning Manchester shahrida o‘tkazilgan himoya jangida chililik Xose Velaskes ustidan zafar qozonib, o‘zining chempionlik kamarlarini munosib himoya qildi.
Namangan viloyatining Chust tumanida tug‘ilib o‘sgan mard o‘g‘lonning o‘z yurtiga qaytishi katta bayramga aylanib ketdi. 26 yoshli chempion g‘alabasi tuman markazidagi Mavlono Lutfulloh nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida nishonlandi.

M.Ahmadaliyev professional boksning ikkinchi yarim yengil vazn toifasida jahon chempioni maqomini qo‘lga kiritib, ilk marotaba biryo‘la ikkita kamarga ega chiqqan sportchi sifatida O‘zbekiston tarixida qoldi.
Tadbirda barcha yutuqlar mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish borasida yuritilayotgan davlat siyosatining amaldagi natijasi ekanligi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, Murodjon Ahmadaliyev shu yil 31 yanvar kuni AQSHning Mayami shtatida amerikalik bokschi Deniyel Romanni tor-mor etib, WBA va IBF yo‘nalishlari bo‘yicha ikkinchi yengil vazn toifasida chempionlik kamarlarini qo‘lga kiritgan edi.
Chempion sportchining ushbu g‘alabasi davlatimiz tomonidan munosib rag‘batlantirilib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 1 fevraldagi farmoni bilan “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvoniga munosib ko‘rilgan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA