Murg‘ak qalblar hayajoni
Termiz shahridagi 6-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan 1-sinf o‘quvchilarining “Alifbe bayrami” keng shodiyona tusini oldi.
Termiz shahridagi 6-umumta’lim maktabida o‘tkazilgan 1-sinf o‘quvchilarining “Alifbe bayrami” keng shodiyona tusini oldi. Tadbirda o‘quvchilar “Alifbe” bo‘yicha egallagan dastlabki bilim va ko‘nikmalarini she’r, qo‘shiq, sahna ko‘rinishlari orqali namoyish etdilar. Mustaqillik, Vatan, davlatimiz ramzlari, Bosh qomusimiz, ona va ustozlar mavzusidagi she’rlar murg‘ak qalblar tilidan o‘zgacha hayajon bilan yangradi.
940 nafar o‘g‘il-qiz saboq olayotgan mazkur maktabga 2014–2015 o‘quv yilida 112 nafar o‘quvchi 1-sinfga qabul qilingan bo‘lib, ularni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk va yuksak intellektual salohiyatli insonlar etib tarbiyalash uchun barcha sharoit yaratilgan. O‘quv mashg‘ulotlari ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida, multimediya vositalaridan keng foydalanilgan holda olib borilmoqda. Bu yerda tashkil etilayotgan turli ochiq dars, ko‘rik-tanlov va madaniy-ma’rifiy tadbirlar yosh avlodning ma’naviy kamolotiga xizmat qilmoqda.