"Muqimiy" filmi namoyishi
Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida "Xalq yuragi" hujjatli filmlar turkumi doirasida Muhammad Aminxo‘ja Mirzaxo‘ja o‘g‘li hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan “Muqimiy” nomli hujjatli film taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur film Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan «Ko‘zgu studiyasi» tomonidan tasvirga olingan.
Filmni tasvirga olish jarayonlari Muqimiy hayotlik davrida safar qilgan Toshkent – Qo‘qon yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirildi. Unda Qo‘qon davlat muzey qo‘riqxonasi tarkibidagi Muqimiy hujra muzeyi ma’naviyat-ma’rifat xodimlari, adabiyotshunos olimlar, Muqimiy ixlosmandlari, Muqimiy nomidagi QDPI professor-o‘qituvchilari, talabalari ishtirok etib, Muqimiy hayoti va ijodiy faoliyati, Qo‘qon adabiy muhitida shoirning tutgan o‘rni haqida ma’lumotlar berib o‘tdi.
Kinokartina Muqimiy yashagan davr, Qo‘qon adabiy muhiti, erkka talpingan ijod va chirkin jamiyat muhiti haqida tomoshabinlarga atroflicha ma’lumot beradi. Kartinada milliy urf-odatlarimizning go‘zal namunalari hamda xalqona kuylarimizdan foydalanilganligi film ta’sir kuchini oshirgan.
Xabaringiz bor, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Muhammad Aminxo‘ja Mirzaxo‘ja o‘g‘li adabiy-ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib qilishga mas’ul oliy ta’lim dargohi hisoblanadi.
O‘tgan so‘nggi bir yildan oshiq vaqt mobaynida universitet jamoasi Muqimiy adabiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha yirik masshtabli loyihalarni amalga oshirdi. Jumladan, “Muqimiy” ko‘krak nishoni ta’sis etildi, muqimiymerosi.uz nomli axborot portali ishga tushirildi, universitet hududida Muqimiy hayoti va ijodiga oid tarixiy majmua barpo etilgan.



D. Mamatova, O‘zA