Muqaddas Xoliqova: «Rol tanlashda talabchanman»
Aktyorlar orasida shunday insonlar borki, ularning ismini eshitganingizdan yuzingizga iliq tabassum yuguradi. O‘zbekiston xalq artisti Muqaddas Xoliqova ana shunday aktyorlar sirasiga kiradi. U ijro etgan rollari orqali kishiga o‘zgacha kayfiyat ulashadi.
Muqaddas Xoliqova bugun teatrda yuzlab rollari bilan o‘zbek san’ati rivojiga o‘z hissasini qo‘shgan bo‘lsa, kino-filmlarda ijro etgan rollari ijodkorni yanada mashhurlik tomon yetakladi. San’atdagi samarali mehnati evaziga ko‘plab tanlovlarda ishtirok etib, davlat mukofotlarga loyiq topildi.
– Teatr – mahorat maktabi, deb bekorga aytilmagan, – deydi M.Xoliqova. – Sahna meni tarbiyaladi, murakkab rollarni ijro etishda menga kuch berdi. Muqaddas Xoliqova o‘z o‘zidan shu nomga, shu mashhurlikka ega bo‘lib qolgani yo‘q. Bunda uzoq yillik mehnat va ustozlar ko‘magi sababchidir. San’atni nonini yeyish qiyin.

Professionallargina uning og‘iriga ham, yengiliga ham qo‘nadi. Ko‘chadan, boshqa sohadan yulduz bo‘lish ilinjida kelgan aktyorlar soha injiqliklarini ko‘tara olmaydi. Aktyorlik yengil-yelpi kasb emas. U kishidan sabr-toqat talab qiladi. Yozning jaziramasida qalin palto kiyib tomoshabinga sovqotgan kishi obrazi taqdim etish yoki qishda jaziramada qolgan inson obrazini yaratish hammaning ham qo‘lidan kelmaydi. Hammasidan ham ziyrak tomoshabinni ishontirish qiyin.
Aktrisa ijodi davomida «Qirq tog‘oraning qirq nog‘orasi» serialida anchayin jiddiy va salmoqli rolni ijro etgan bo‘lsa, «Ko‘ngil ko‘chalari», «Qaynona operatsiyasi», «Ulfatlar 1,2», «Boyvachcha», «Anora», «Amakivachchalar», «Oshiqlar» kabi film va seriallarda xushchaqchaq va hazil-mutoyibaga o‘ch o‘zbek ayoli obrazlarini yaratgan. Qariyb 30 yildan buyon teatrda bir-biridan takrorlanmas, o‘ziga xos rollarni ijro etgan.

– Ona farzandini ayar ekan, qiyinchilik chekmasin, derkan, –deydi san’atkor. – Men ham farzandlarim bu sohadan ketishini xohlamaganman. Ammo unday bo‘lmadi, qizimning san’atga bo‘lgan qiziqishi mening qarshiliklarimdan ustun keldi. Bir tomondan xursandman. San’atda o‘z davomchim bor. Biz ham nasihat qiladigan, yoshlarga o‘git beradigan yoshga yetib qoldik. Shuning uchun tajribalarimni yoshlarga bo‘lishib turaman. Rol tanlashda qanchalik talabchan bo‘lsam, men bilan rol ijro etayotganlarga nisbatan ham qattiq talablar qo‘yaman. Kinodagi sherigim rolni mahorat bilan o‘ynamasa rejissyordan oldin o‘zim koyib beradigan holatlar ham bo‘lib turadi.
O‘zbekiston xalq artisti Muqaddas Xoliqova 1960 yili 14 aprelda Toshkent shahrida tavallud topgan. Hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutini tamomlagan. 1981 yildan buyon O‘zbek milliy akademik drama teatrida faoliyat yuritib kelmoqda.
D.Mamatova, O‘zA