Muqaddas olov Toshkentga ham olib kelindi
Mitropolit Vikentiy boshchiligidagi Rus pravoslav cherkovining Markaziy Osiyo mitropolitan okrugi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi delegatsiyasi Quddusdagi Muqaddas qabr cherkoviga muqaddas olovni tushirish marosimida ishtirok etdi.
O‘zbekistonlik 130 dan ziyod ziyoratchi Toshkentdagi Ustoz soboriga olib kelinadigan muqaddas olov uchun Isroilga borgan edi. Mitropolit Vikentiy ushbu tashrifning O‘zbekiston dindorlari ma’naviy hayotidagi ahamiyatini alohida ta’kidlab, mamlakat rahbariyatiga samimiy minnatdorlik bildirdi.

– Prezident Shavkat Mirziyoyevga tinchlik, dinlararo totuvlik va barcha konfessiyalarning ma’naviy an’analariga hurmat yo‘lida olib borayotgan oqilona siyosati uchun O‘zbekiston pravoslav jamoati nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman, – dedi M. Vikentiy. – Mana shu ko‘mak tufayli bugun biz erkin e’tiqod qilish, ziyorat qilish, xususan dunyoning eng ulug‘ ziyoratgohlarini ziyorat qilish imkoniga ega bo‘ldik. Muqaddas olov tushishi marosimi pravoslav dunyosidagi eng muhim voqealardan biridir. Har yili dunyoning turli burchaklaridan minglab ziyoratchi ushbu voqeaga guvoh bo‘lish uchun Quddusda yig‘iladi.
Delegatsiya O‘zbekistonga qaytgach, muqaddas olov mamlakatimizdagi cherkovlarga yetkazildi. Dindorlar Pasxa an’analarini davom ettirib, shu o‘tdan sham yoqishga musharraf bo‘ldi.

O‘zA