Munosabat: Xalq xizmatchisi nomini oqlash sharaf
Salomatlik hayotimizdagi eng muhim jihatdir. Sog‘lom bo‘lsakkina ishlarimizda muvaffaqiyat va baraka bo‘ladi.
Mamlakatimiz rahbarining yaqinda aynan shu mavzuga bag‘ishlab o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida ham ushbu jihat tilga olindi. Ya’ni aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bugungi hayotimizning ahamiyatga molik mavzularidan ekanligi aytib o‘tildi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlarimizni tizimli yo‘lga qo‘yish, tartib-intizomni saqlash, ayniqsa, katta rol o‘ynashi haqida zarur fikrlar ilgari surildi.
Darhaqiqat, jahon tajribasidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, mamlakatimizning tibbiyot sohasini zamon talablariga mos tarzda rivojlantirish hayotiy zaruriyatga aylanmoqda. Aholi ehtiyojlari ham shunga yarasha oshib borayotgani sir emas, albatta. Biroq bizda meditsinani rivojlantirish uchun imkoniyatlar yetarli bo‘lsa-da, uni to‘liq safarbar etolmayotganligimiz achinarli. Buning uchun mutaxassis kadrlar malakasini oshirish va o‘qitish tizimini modernizatsiyalash jarayonini tubdan isloh qilish zarur. Mamlakatimiz rahbari yig‘ilishda bu jihatga ham alohida to‘xtalib, kelgusi o‘quv yilidan klinik ordinaturaning qabul kvotasi ikki baravarga oshirilishi belgilanganligini aytib o‘tdi. Unga ko‘ra, yangi tizimda ordinatorlar o‘quv jarayonining yarmini oliygoh va ixtisoslashgan markazlarda, qolgan yarmini esa ish joyida davom ettirish imkoniyati vujudga keladi. Shuningdek, viloyat hokimlari o‘z hududi uchun zarur bo‘lgan tor mutaxassislikdagi shifokorlarni tayyorlash uchun mahalliy byudjetdan grant ajratishi haqida ma’lum qildi.
E’tirof etish kerakki, bu yangilikning bo‘lg‘usi shifokor kadrlar salohiyatini oshirishda, yetuk mutaxassislar yetishtirishdagi ahamiyati yuksak. Ayniqsa, o‘quv jarayoni bilan amaliyotni birgalikda olib borish, albatta kutilgan samarani beradi.
O‘tgan yilda og‘ir sinovlar boshimizdan o‘tdi. Pandemiya har bir kishining o‘z sog‘ligi naqadar ulug‘ ne’mat ekanligini anglashga majbur etdi. Hozirgi vaziyatga sinchkovlik bilan nazar tashlasak, xavf hali hamon ortga chekinmaganligi, bir lahza hushyorlikni yo‘qotsak vaziyat tubdan yana keskinlashishi mumkinligini chuqur his qilamiz. Oxirgi vaqtlarda koronavirus kasalligining aholi o‘rtasida yana ko‘payayotganligini odamlarning belgilangan tartib-qoidalarga amal qilmay qo‘yganligi bilan izohlash mumkin.
Shuningdek, davlatimiz rahbari o‘tgan yili ixtisoslashtirilgan markazlarda davolanishga muhtoj 84 ming nafar bemordan 51 ming nafari bepul order bilan ta’minlanganini qayd etib o‘tdi. Prezident orderlar uchun mablag‘ni 1,5 baravarga ko‘paytirib, qo‘shimcha 80 milliard so‘m ajratish bo‘yicha Moliya vazirligiga ko‘rsatma berganligi ham e’tiborga molik ishlardan biridir.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, mahalliy Kengash deputatlari ham bu borada aholi ehtiyojlari uchun orderlar olishga ko‘maklashish ishiga hissa qo‘shib kelmoqda. Zotan, xalq xizmatchisi nomini oqlash sharafli burch ekanligi biz deputatlarni doimo oldinga intilishga chorlaydi.
Husniddin ERGASHEV,
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati