Mundialga yaqin turibmiz
Sportda bir o‘yin borki, unga minglab emas, millionlab odamlar muxlislik qilishadi. Uni ardoqlashadi, sevishadi. Albatta bu, hech shubhasiz, futbol. Esimni tanibmanki, futbolga muxlislik qilaman. O‘quvchilik paytlarim o‘zim ham rosa futbol o‘ynaganman. Qishlog‘imizda ikkita stadion bo‘lardi. Biri qirlar orasida, ikkinchisi esa qishloq chekkasidan oqib o‘tuvchi “Qorasuv” deya nomlangan katta ariq yonida edi. Bahor paytlari qirlar orasidagi, yozda esa pastlikdagi stadionda o‘ynardik. Chunki darslar yo‘q, uch oy ta’tilga chiqqan bo‘lardik. Agar o‘yin davomida terlab, qizib ketsak, yonimizdagi muzdek “Qorasuv”da cho‘milardik. Suvdan chiqib, yana o‘yinni to‘xtagan joyidan davom ettirardik.

O‘sha paytlari O‘zbekistondan sobiq ittifoqning futbol oliy ligasida birgina “Paxtakor” jamosi qatnashardi. Ko‘pchilik yurtdoshlarimiz qatori men ham bu jamoaga ishqibozlik qilardim. U o‘ynagan kunlari barcha uy yumushlaridan ozod etilardim. “Paxtakor” g‘alaba qozonganda, ko‘plab muxlislar kabi g‘oyat xursand, yutqazgan paytlari esa qattiq xafa bo‘lardim...Buni tomoshabinlar orasida ancha mashhur bo‘lgan “Yor-yor” kinosidagi Soyib Xo‘jev yoki “Uchrashuv” filmidagi O‘zbekiston xalq aristi Ergash Karimov ijrolaridagi qahramonlar – futbol fanatlarining holatlarida yaqqol ko‘rish mumkin. Esimda, kiygan futbolkalarimizga “Paxtakor” va uning dong‘i ketgan o‘yinchilari bo‘lmish Erkin Abduraimov yoki Gennadiy Krasnitskiy nomlarini yozib olardik.

Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng, O‘zbekistonning qariyb barcha viloyatlarida oliy ligada o‘ynaydigan jamoalar paydo bo‘ldi. Ular Osiyo Chempionlar ligasida ham o‘ynaydigan bo‘ldi, boshqacha aytganda, endi ular dunyoga chiqa boshladi. Eng quvonarlisi, o‘z milliy jamoamiz paydo bo‘ldi. Endi biz bor diqqat-e’tiborimizni shu jamoaning o‘yinlariga qaratdik. Uning har bir o‘yinini juda katta ishtiyoq va qiziqish bilan ko‘radigan bo‘ldik. Yana o‘sha holat takrorlanardi. Yutganda boshimiz ko‘kka yetguday shodlansak, mag‘lub bo‘lganda qattiq o‘ksinardik.


Ayniqsa, Milliy jamoamizning Jahon chempionatiga chiqish uchun bo‘lgan saralash o‘yinlarini stadionlarga tashrif buyurib yoki televizordan bir lahza bo‘lsin, ko‘zimizni uzmasdan ko‘rardik. Tomosha qilish jarayonida, xayolan bo‘lsa-da, biz ham futbolchilarimiz bilan birgalikda to‘p surardik. O‘yin yakuniga yetguncha, xuddi ignaning ustida o‘tirgandek bo‘lardik. Hayajonu hislarimizning adog‘i bo‘lmasdi... Ammo baribir bir armonimiz hali ushalmadi. Milliy jamoamiz Jahon chempionatiga chiqolmadi. Bunga ba’zan murabbiy va o‘yinchilarimizda mahorat va shijoat, ba’zan omadning yetishmasligi, ba’zan esa hakamlarning xurmacha qiliqlari sabab bo‘ldi. Ammo, Milliy jamoamizda bu gal, 2026 yilning yozida Amerika qit’asida bo‘ladigan mundialga chiqish uchun juda katta imkoniyat paydo bo‘ldi. Biz hozir asosiy raqiblarimiz bo‘lmish Birlashgan Arab Amirligi va Qatar jamoalaridan ochkolar bo‘yicha oldindamiz. Bu degani yana bir g‘ayrat qilsak, eng bo‘lmaganda, bitta g‘alaba va durangga erishsak, jahon chempionatiga albatta chiqamiz. Biz bunga juda yaqin turibmiz. O‘ylaymizki, futbolchilarmiz yuzaga kelgan bu imkoniyatni aslo qo‘ldan chiqarishmaydi va ishonchimizni oqlashadi. Bugun Eron jamoasi bilan bo‘ladigan o‘yinda esa ularga omad va muvaffaqiyatlar hamroh bo‘lishini tilab qolamiz.
Turob NIYOZ,
O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi a’zosi