Muloqot va rahbarlik san’ati o‘rgatilmoqda (+Video)
Davlat boshqaruvi va xizmat tizimida kadrlar siyosatini takomillashtirish, davlat xizmatchilarining professional faoliyatini samarali tashkil etish masalalari bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri.
Bu yo‘nalishda Milliy gvardiya tizimida ham bir qator manzilli ishlar amalga oshirilmoqda. Poytaxtimizda Milliy gvardiya tizimida tarbiyaviy va mafkuraviy yo‘nalishdagi ofitserlar bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan mashg‘ulotlar tashkil etildi. Ularda shaxsiy tarkib bilan ishlashning zamonaviy usullari, “Jamoada muloqot va hamkorlik san’ati”, “Shaxslarda ruhiy barqarorlik muammolari va ularning profilaktikasi” kabi mavzular qamrab olindi. Shu bilan birga, “O‘z kasbining ustasi” ko‘rik-tanlovi ham o‘tkazildi.
Ikki kunlik mashg‘ulotlar Milliy gvardiya Ma’naviyat va ma’rifat markazida to‘liq interaktiv tarzda tashkil qilindi. Treninglarni falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova olib bordi.
Mashg‘ulotlar davomida “Rahbar imiji: uslub, tamoyil va inson omili” mavzusida ma’ruza tinglandi. Gvardiyachilar jamoalarga bo‘linib, rahbar shaxsiga xos fazilatlar haqida o‘z ta’rif va fikrlarini yozma ravishda ifodalashdi.
Ikkinchi kun ham qizg‘in munozaralarga boy bo‘ldi. Ishtirokchilar zamonaviy rahbar imijiga oid fikrlarini bildirib, o‘z rahbarlik qobiliyatlarini baholash imkoniga ega bo‘ldi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar uchun madaniy hordiq tashkil etildi. Ular Temuriylar tarixi muzeyi, "Yangi O‘zbekiston" bog‘i va IT-Parkka tashrif buyurdi. Shuningdek, vatanparvarlik mavzusidagi filmlar namoyishini tomosha qilishdi.
Seminar-trening yakunida faol ishtirok etgan gvardiyachilar kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/1N9WaSZwAWM" title="Muloqot va rahbarlik san’ati o‘rgatilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nigora Rahmonova,
Anvar Ahmedov (montaj), O‘zA