Mulkdorlik – barqarorlik omili
“Biz – kichik biznes, xususiy tadbirkorlik va fermerlik harakati vakillari – Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi uchun mas’ulmiz!” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamda O‘zbekiston Fermerlari kengashi hamkorligida “Biz – kichik biznes, xususiy tadbirkorlik va fermerlik harakati vakillari – Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi uchun mas’ulmiz!” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi S.Turdiyev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi A.Shodmonov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka, fermerlik harakatiga alohida e’tibor qaratilayotgani natijasida ushbu soha iqtisodiyotdagi salmoqli ulushi, roli va ta’siri bilan davlat va jamiyatni rivojlantirishda alohida o‘rin egallayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan tarixiy hujjatlar mamlakatimizda mulkdorlar sinfining yuzaga kelishi, xususiy mulkchilikka asoslangan xo‘jalik yuritish shakli rivojlanishi uchun poydevor bo‘ldi. Mustaqillikning dastlabki yillarida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida mulkchilik to‘g‘risida”, “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonunlar qisqa muddatda sanoat, savdo, umumiy ovqatlanish va xizmatlar sohalaridagi davlat mulki bo‘lgan minglab obyektlarni xususiy mulkka aylantirish imkonini berdi. Mulk daxlsizligiga huquqiy zamin yaratildi. So‘nggi yillarda amaliyotga tatbiq etilgan farmon va qarorlar bu boradagi ishlarni yanada mustahkamladi.
Mustaqillik yillarida qishloq xo‘jaligida mutlaqo yangi iqtisodiy munosabatlar joriy etilib, fermerlik harakatiga keng yo‘l ochib berildi. Bugungi kunda fermerlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 90-92 foizini ishlab chiqarish bilan birga xalqimiz farovonligi yo‘lida tinmay mehnat qilayotgan, qudratli ijtimoiy-siyosiy harakatga aylanmoqda. Fermerlarimiz aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlabgina qolmay, eksport bilan ham shug‘ullanmoqda.
Tadbirda Vatanimiz mustaqilligining 24-yilligiga bag‘ishlab joylarda olib borilayotgan targ‘ibot ishlarida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlik harakatini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, shahar va qishloqlarimiz qiyofasi go‘zal bo‘lib borayotgani, xalqimizga munosib turmush sharoitini yaratish borasidagi ulkan ishlarning mazmun-mohiyatini aholiga kengroq yetkazish zarurligi qayd etildi.