Mukofotlar o‘z egalariga topshirildi
1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni
Navoiy viloyati hokimligida 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami munosabati bilan Prezidentimizning farmoniga ko‘ra taqdirlangan bir guruh o‘qituvchilarga davlatimizning yuksak unvon, orden va medallarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyatdagi tashabbuskor va fidoyi, faol, ta’lim tizimi rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan soha xodimlari ishtirok etdi.
[gallery-4125]
Dastlab viloyat hokimi Qobil Tursunov Prezidentimizning kasb bayrami munosabati bilan o‘qituvchilarga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda ta’lim tizimida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, misli ko‘rilmagan muvaffaqiyatlarga erishildi. Bu mamlakatimizning barcha hududlarida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Navoiy viloyatida ham xalq ta’limi sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyatdagi umumta’lim maktablarning qiyofasi tubdan o‘zgarib, zamonaviy binolar qad rostlamoqda.
Jumladan, birgina 2021 yilda viloyatda 13 ta maktabda, shundan, 1 ta yangi “Prezident maktabi” qurilishi, 8 ta rekonstruksiya va 4 ta maktabda mukammal ta’mirlash ishlari bajarildi. Mazkur qurilish-ta’mirlash ishlariga jami 84,8 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Manzilli dasturga kiritilgan umumta’lim muassasalari soni esa 14 ta bo‘lib, ularni ta’mirlashga ajratilgan mablag‘ miqdori 37 milliard 583 million so‘mga teng.
Tumanlardagi o‘qituvchilar va jamoatchilik, repetitorlar o‘rtasidagi hamkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilgani bois o‘tgan yilda past ko‘rsatkichlarni qayd etgan Qiziltepa va Navbahor tumanlari ayni paytda yuqori o‘rinlarga chiqib bormoqda. Navoiy shahridagi 7- hamda Uchquduq tumanidagi 9-umumta’lim maktablari “Zamonaviy maktab” maqomini oldi.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, viloyatda 40 ga yaqin maktabning bitiruvchilari 100 foiz oliy ta’limga qamrab olindi. O‘tgan yili OTMga qamrov 26 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning dastlabki statistikasiga muvofiq 37 foizni ko‘rsatyapti.
– Davlatimiz tomonidan arzimas mehnatim yuqori darajada e’tirof etilganligi menga yanada quch-g‘ayrat bag‘ishlab, katta mas’uliyat yuklaydi, – deydi fizika, matematika, ingliz tili fanlarini chuqur o‘qitishga ixtisoslashgan Navoiy-Qorako‘l maktab-internati direktori, II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibi Nurullo Yaxyoyev. – Maktab-internatimiz 2020 yil yanvar oyida o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lishiga qaramay, bugungi kunda bir qator respublika va xalqaro fan olimpiadalarida ishtirok etib, yuqori natijalarni ko‘rsatdi. 2020-2021 o‘quv yilida maktabni 49 nafar bitiruvchisi tugatgan bo‘lib, ilk qaldirg‘ochlarmizning barchasi 100 foiz O‘zbekistondagi nufuzli oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘lishga musharraf bo‘ldi. Shundan 39 nafari davlat granti, 10 nafari esa to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga qabul qilindi.
Tadbirda davlat mukofotlari o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, bir guruh fidoyi, o‘z sohasining yetuk bilimdonlari, tashabbuskor va faol o‘qituvchi va murabbiylarga viloyat hokimining “Faxriy yorlig‘i”, “Tashakkurnoma” va qimmatbaho estalik sovg‘alari topshirildi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA