Mukofot ishonch va mas’uliyat yuklaydi
8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni

Ayol – nafis xilqat. U cheksiz mehr-muhabbatga munosib. Shu bois, yurtimizda ayollar azaldan ulug‘lab kelingan. Buni go‘zallik va yangilanish fasli bo‘lgan bahor kirib kelishi bilan yurtimizda eng birinchi bayram sifatida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni keng nishonlanishidan ham ko‘rish mumkin.
Zero, inson qadrini ulug‘lash, avvalo, azizu mukarrama ayollarimizni ulug‘lashdan boshlanadi. Shu ma’noda, Mir Alisher Navoiy bobomizning, jannat bog‘idan bahramandlik istar ekansan, avvalo, munis onani rozi aylagin, degan so‘zlarini biz eng ezgu da’vat sifatida qabul qilganmiz.
Qolaversa, yurtimizda mehnatkash, olijanob xalqimiz, birinchi navbatda, xotin-qizlarimiz uchun erkin, obod va farovon hayot barpo etish – davlatimiz va jamiyatimizning eng ustuvor vazifasi etib belgilangan.
Jumladan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida xotin-qizlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy faolligini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikni qaror toptirish, ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, milliy qonunchiligimiz takomillashtirilib, opa-singillarimiz uchun yanada keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Buning tasdig‘ini birgina misol, ya’ni saylov kodeksimizda deputatlikka nomzodlarning kamida 40 foizi yoki har 5 nafaridan 2 nafari ayol kishi bo‘lishi zarurligi mustahkamlab qo‘yilganligida ham ko‘rish mumkin. Bugun hech shubhasiz aytishim mumkinki, qonunchiligimizga kiritilgan ushbu o‘zgartirish sabab 2024 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan saylovlarda men kabi ko‘plab xotin-qizlarimiz saylovchilar ishonchi bilan deputat bo‘lib saylanish baxtiga muyassar bo‘ldik.
Agar xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 2017 yildagi 20 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, bugunga kelib bu ko‘rsatkich 35 foizga yetdi. Xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, ular o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar sabab, so‘nggi 5 yil ichida ishbilarmon ayollar safi ikki barobar kengayib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan tadbirkor xotin-qizlar soni 200 mingdan oshdi.
Shu bilan birga, joylarda xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etishga qaratilgan ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi. “Ayollar daftari” tashkil etilib, ushbu daftarga kiritilgan minglab xotin-qizlarimizning o‘z sog‘liqlarini tiklashlari, oliy ta’lim olishi va uy joyli bo‘lishida ko‘maklashib kelinmoqda. Buning uchun har bir tuman-shahar va mahallalarda ayollar muammolari bilan shug‘ullanuvchi alohida xodimlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Umuman olganda, bu kabi ijobiy o‘zgarishlarga minglab misollar keltirish mumkin. Ahamiyatlisi, ushbu o‘zgarishlarning barchasini bugun yurtimizda istiqomat qilayotgan har bir xotin-qiz o‘zining kundalik ish faoliyati va turmush tarzida his qilib yashamoqda.
Yana bir muhim jihat, bahor faslining ilk kunlarida, o‘zining iqtidori, muhim g‘oya va tashabbuslari, ibratli amaliy ishlari va erishgan yutuqlari bilan yoshlarga o‘rnak bo‘lib kelayotgan, ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizdagi o‘zgarishlar jarayonida faol ishtirok etib, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida bor kuch-g‘ayrati, zamonaviy bilim va malakasini namoyon etayotgan qizlarimizning Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanishidir. Bu yil ham bir qator faol qizlarimiz ushbu mukofot bilan taqdirladi.
Shuningdek, joriy haftada qabul qilingan “8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi Prezidentimiz farmoni bilan o‘zining ko‘p yillik samarali mehnati, yuqori kasbiy malakasi va mahorati bilan yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol qatnashib kelayotgan opa-singillarimiz ham mukofotlandi.
Mukofotlanganlar orasida borligim, kamtarona xizmatlarim davlatimiz rahbari tomonidan e’tirof etilib, II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeniga munosib ko‘rilganim nafaqat mening balki, men bilan bir jamoada faoliyat ko‘rsatib kelayotgan minglab ayollarimiz va partiyadoshlarimning yutug‘i deb bilaman.
Qolaversa, bugun shunday nufuzli mukofotni shaxsan davlatimiz rahbarining o‘zlaridan qabul qilib olganligim va qalbimdan kechayotgan quvonch va tuyg‘ularni oddiy so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Mana shunday tinch va osuda, ayollari e’zozda bo‘lgan yurt farzandi ekanligimdan faxrlanaman.
Ushbu e’tirof zimmamga katta mas’uliyat va ishonch yuklaydi. Endilikda o‘z ustimda yana ham ko‘proq ishlab, mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish borasida qilinayotgan ishlar natijadorligini yanada oshirishda bor kuch va imkoniyatimni ishga solaman.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari
qo‘mitasi a’zosi, II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibasi.
O‘zA