MUHOKAMADAGI MAVZU: kitoblar narxi qimmatlashadimi?
Noshirlar orasida kitob mahsulotlarining narxi oshishi taxmin qilinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksini yangi tahrirda qabul qilingani, ayrim turdagi korxonalarning daromad solig‘i miqdori 12 foizdan 15 foizga oshgani turli soha vakillarini muhokamaga chorladi. Noshirlar orasida kitob mahsulotlarining narxi oshishi taxmin qilinmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda esa shu haqida bahs ketmoqda. Biz mutaxassislar fikrini sizga taqdim qilmoqchimiz.
Sanjar Nazar, noshir: – Kitob uchun og‘ir kunlar boshlanyapti. Matbaa, nashriyot va kitob savdosi xizmatlari uchun 15 foiz miqdorda QQS to‘lanadigan bo‘ldi. Nashr uchun zarur xom ashyolar: qog‘oz, bo‘yoq va h.k.lar uchun oldin ham QQS to‘lanar edi.
Korxonalarning daromad solig‘i miqdori 12 foizdan 15 foizga oshdi.
Aholining to‘lov qobiliyati, xarid quvvati oshishi mumkinligiga hatto biron ishora ham ko‘rinmayotgan bir sharoitda bu o‘zgarishlarning oqibatini tasavvur qilishni ham xohlamasdim. Shundog‘am zo‘rg‘a “yelkasidan nafas“ olib turgan soha bu qiyinchiliklardan so‘ng – sevimli faylasufimiz ta’biri bilan aytilganda: “o‘lmasa, aniq kuchliroq bo‘lib qad rostlaydi“. Balki yangi O‘zbekiston kitobsiz mamlakat bo‘lishi kerakdir?!
Faxriddin Nizomov, shoir, tarjimon: – Kitobning qimmatlashishi haqida noshirlar ijtimoiy tarmoqlarda bildirayotgan xavotirli fikrlarni o‘qib, odamning yuragi eziladi. Qaerga qarab ketyapmiz? Allaqachon uchinchi dunyo mamlakatlari qatoriga tushib qolganimiz yetmaganiday, endi ba’zi ko‘rsatkichlar bo‘yicha ularni ham “quvib o‘tyapmiz“.
Bundan 10-12 yillar oldin bir noshir “O‘zbekistonda bir yilda bor-yo‘g‘i, 3 ming nomda, Qozog‘istonda 30 ming nomda, Rossiyada esa 120 ming nomda kitob chiqadi“, deb alam bilan gapirgan edi.
Agar odam boshiga ishlab chiqarilayotgan yalpi ichki mahsulotni solishtirsak ham, taxminan, shunaqa manzara hosil bo‘ladi. Demak, aholining kitobxonligi – savodliligi bilan YaIM o‘sishi o‘rtasida bevosita bog‘liqlik bor.