Muhim vazifalar belgilab olindi
Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarida “Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!” shiori ostida “Taʼlimda islohot: oʻzgarishni oʻzimizdan boshlaylik” mavzusida xalq taʼlimi tizimi xodimlarining anʼanaviy avgust anjumanlari boʻlib oʻtmoqda.
Andijon viloyatining barcha tuman va shaharlarida “Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!” shiori ostida “Taʼlimda islohot: oʻzgarishni oʻzimizdan boshlaylik” mavzusida xalq taʼlimi tizimi xodimlarining anʼanaviy avgust anjumanlari boʻlib oʻtmoqda.
Mamlakatimizda taʼlim tizimiga zamonaviy, ilgʻor pedagogik texnologiyalarni joriy etish, sohani yanada yuqori bosqichga koʻtarish borasida keng-koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Xususan, Marhamat tumani xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan ham bu borada muayyan ishlar amalga oshirildi.
Tajribali oʻqituvchi va murabbiylar, yosh pedagoglar ishtirok etgan anjumanda tizimda amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, kelgusidagi muhim vazifalar xususida atroflicha soʻz yuritildi. Pedagoglar oʻzaro tajriba almashib, faoliyatlari yuzasidan ilgʻor va samarali usullarni oʻrganish, bilim, tajriba va malaka oshirish imkoniga ega boʻldi.
Ayni kunda tumandagi taʼlim muassasalarida 28 ming 600 nafardan ziyod oʻquvchi taʼlim-tarbiya olmoqda. Ularga 2 ming 890 nafar pedagog-murabbiylar taʼlim–tarbiya beradi. Oʻqituvchilarning 2 ming 200 nafari oliy, 600 nafari oliy oʻquv yurtlarida sirtdan taʼlim olayotganlar, 90 nafari esa oʻrta maxsus maʼlumotga ega mutaxassislardir.
Anjumanda taʼlim xodimlarining oʻtgan oʻquv yilida erishgan yutuqlari, yoʻl qoʻygan xato va kamchiliklarimizni tahlil qilib, yangi oʻquv yilidagi muhim vazifalari belgilab olindi.
– Oʻtgan oʻquv yili maktab bitiruvchilarining 26 nafari imtiyoz asosida oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilindi, – deydi Marhamat tumani xalq taʼlimi boʻlimi mudiri Oliyaxon Abduvohidova. – Ayniqsa, 25-umumtaʼlim maktabining 8 nafar oʻquvchisi onlayn test natijalariga koʻra, Rossiyaning turli shaharlaridagi oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirganligini alohida eʼtirof etish oʻrinli. Oʻquvchilarning bunday yutuqlarni qoʻlga kiritishlarida oʻtkazilayotgan fan olimpiadalari va bilimlar bellashuvlari muhim rol oʻynamoqda.
Oʻtgan oʻquv yilida 9-11-sinf oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan fan olimpiadalarining viloyat bosqichida 13 nafar oʻquvchi faxrli oʻrinlarni egalladi. Ulardan 8 nafari respublika bosqichida munosib ishtirok etdi. Mazkur yoʻnalishda oʻquvchilarning erishgan natijalarga koʻra umumiy samaradorlik boʻyicha tuman viloyatda eng yuqori natija qayd etdi.
Bundan tashqari, “Yilning eng yaxshi fan oʻqituvchisi” tanlovida ham marhamatlik oʻqituvchilar faol ishtirok etdi. Oʻtgan oʻquv yilida belgilangan fanlar boʻyicha 12 nafar oʻqituvchi tanlovning viloyat bosqichida gʻolib va sovrindor boʻldi. 47-ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabi ona tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi Gulgʻuncha Mirzayeva innovatsion gʻoya va ish uslubi bilan tanlovning viloyat bosqichida 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Yosh avlodni barkamol voyaga yetkazish, ularga puxta bilim berishda taʼlim muassasalarida yaratilgan shart-sharoitlar ham muhim oʻrin tutmoqda. Ana shundan kelib chiqib, talabga javob bermaydigan taʼlim maskanlarida zarur ishlarni olib borishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Tumandagi 6 ta umumtaʼlim maktabida qurilish, obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Oʻquvchilarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil qilish, turli toʻgaraklar va sport seksiyalari jalb etish borasida ham eʼtiborga molik ishlar olib borildi. Natijada oʻquvchilarning fanlarni oʻzlashtirishi oʻsdi, ular oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilik holatlari keskin kamaydi.
Anjumanda yutuqlar salmogʻini hamda taʼlimning sifat va samaradorligini oshirish, pedagoglarning bilim va malakasini yuksaltirish, ayniqsa, ustoz-shogird maktabi faoliyatini yanada takomillashtirish, ilgʻor pedagoglar tajribasini ommalashtirish, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan muhim vazifalar belgilab olindi. Bir guruh ilgʻor oʻqituvchilar ragʻbatlantirildi.