Muhim siyosiy jarayonga tayyorgarlik
Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 3-Buxoro saylov okrugi hududida tashkil etilgan uchastka saylov komissiyalari rais, rais o‘rinbosarlari va kotiblarining bilim hamda ko‘nikmasini oshiradigan hududiy trenerlar uchun o‘quv-seminar mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Dars jarayonlarida respublika trenerlari saylovlarning xalqaro mezon talablari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalarini tuzish tartib-taomillari, saylovda ovoz beruvchi fuqarolarning ro‘yxati bilan ishlash kabi mavzulardagi qiziqarli ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Shuningdek, ikki kunlik o‘quv dasturiga asosan, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish, saylov uchastkasida amaliy mashg‘ulot va tajribani o‘rganish singari mavzular ham kun tartibidan o‘rin oldi.
Saylov o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining ovoz berish kunidagi faoliyati, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish va natijalarni belgilash, saylov o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining boshqa ishtirokchilari, jumladan, ommaviy axborot vositalari xodimlari, kuzatuvchilar, jamoat tartibini saqlashga mas’ul vakillar bilan o‘zaro hamkorligi masalalari yuzasidan bilim va ko‘nikmalari mustahkamlandi.
– Mamlakatimiz bo‘ylab siyosiy jarayonga tayyorgarlik ketyapti, – deydi Qorako‘l tumanidagi 18-maktab direktori Surayyo Shermuhammedova. – Biz Buxoro davlat universitetida o‘tgan treninglarda ishtirok etdik. Olgan bilim va ko‘nikmalarimizdan kelib chiqib aytsam, saylov a’lo darajada o‘tadi. Biz muhim jarayonda bevosita ishtirok etishga tayyormiz. Joylarda borib, uchastka saylov komissiyalari a’zolarini ham o‘qitamiz, albatta. Joriy yilning 9 iyul kuni mamlakatimizda bo‘ladigan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yuksak saviyada o‘tkazish uchun viloyatda tashkiliy ishlar davom etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA