Muhaddislar sultoni merosi – bebaho xazina
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni” mavzusidagi VIII an’anaviy xalqaro anjuman o‘tkazildi.
Turkiyadagi Hadis tarixi jamiyati, Dijla universiteti, Iroqdagi Mavsul akademiyasi, Tataristondagi Bulg‘or islom akademiyasi, shuningdek, Toshkent islom instituti, Hadis ilmi maktabi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi hamkorligida oflayn va onlayn formatda tashkil etilgan tadbirda mahalliy va xorijlik buxoriyshunos olimlar, tadqiqotchilar va yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalari vakillari qatnashishdi.
Ishtirokchilar dastlab Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilishdi. Taomilga ko‘ra, buyuk muhaddisning “Al-Jomi’ as-sahih” asaridan birinchi va oxirgi hadislar o‘qildi, Qur’oni karimdan oyatlar tilovat qilindi.

Anjuman ochilishida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov, Hadis ilmi maktabi rahbari Barot Omonov buyuk muhaddis qoldirgan boy ilmiy meros, uni o‘rganish va xalqaro miqyosda keng ommalashtirishda muassasalararo hamkorlikning o‘rni va ahamiyati haqida so‘z yuritdilar. Bu borada yaqinda yurtimizda o‘tkazilgan “I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi: tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” xalqaro forumi doirasida bo‘lib o‘tgan “Imom Buxoriyning “Al-jomi’ as-sahih” asari – Ummat kitobi” mavzusidagi konferensiyada muhim tashabbus va takliflar bildirilgani ta’kidlandi
Ilmiy muhokamalar asosan Imom Buxoriyning islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni, hadis ilmi an’analarining shakllanishi va taraqqiy topishidagi beqiyos xizmatlari hamda hadisshunoslikning “Al-Jomi’ as-sahih” asaridagi metodologik asoslari atrofida kechdi. Muloqotlarda shoh asarning “Kitobul ilm” (Ilm kitobi) bo‘limi tahlili, xatm manbalari va u bilan bog‘liq an’analar, shuningdek, allomaning favqulodda fenomenal xotirasi va ilmiy salohiyatiga doir tadqiqot natijalari ko‘rib chiqildi.

– Buyuk muhaddisning “Sahihul Buxoriy” asari “Kitobul ilm” bo‘limiga alohida e’tibor qaratilishi bejiz emas, – dedi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. – Alloma o‘z asarida hadislardan oldin ilm olish va uning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rnini birinchi o‘ringa qo‘ygani manbashunoslik nuqtai nazaridan yuksak ahamiyatga ega. Bunday yondashuv Imom Buxoriyning tengsiz xotirasi va manbalarni tekshirishga alohida mas’uliyat bilan qaraganini ko‘rsatadi. Bu esa bugungi tadqiqotchilar uchun tizimli ilmiy intizomning yorqin namunasi hisoblanadi
Anjumanda Imom Buxoriy asarlarini, unga sharh yozish an’analarini akademik yondashuv asosida ommabop tarzda turli tillarga o‘girib, jamiyatlarga taqdim etish orqali islom tafakkurining asl ma’rifiy va insonparvarlik mohiyatini butun dunyoga to‘g‘ri yetkazish mumkinligi alohida e’tirof etildi.

Muhokamalar jarayonida mutaxassis va tadqiqotchilar jamoatchilik e’tiboriga molik bir qator muhim va teran mulohazalarni ilgari surdi. Xususan, hadislarni saralashda Imom Buxoriy qo‘llagan o‘ta talabchan va aniq me’yorlar shunchaki o‘tmishga oid akademik qoidalar bo‘lmay, bugungi axborot xuruji va soxta da’volar ko‘paygan zamonda axborotni to‘g‘ri saralash va manbaning ishonchliligini tekshirishda bebaho dasturulamal ekani ta’kidlandi.
Tadbir yakunida xalqaro ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlash, manbashunoslik sohasidagi qo‘shma tadqiqotlarni kengaytirish va buxoriyshunoslik bo‘yicha yangi loyihalarni izchil davom ettirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri