Muddatli harbiy xizmat burchini o‘tab bo‘lgan askarlar uylariga qaytmoqda
Prezidentimizning joriy yil 22 fevraldagi "O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida" gi qaroriga muvofiq Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugining Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismlarida yigitlik burchini sharaf bilan o‘tagan askarlar uylariga tantanali kuzatilmoqda.
Termiz garnizonida joylashgan harbiy qismlardan birida bo‘lib o‘tgan ana shunday tantanali marosimda so‘zga chiqqanlar mard, jasur o‘g‘lonlarga muddatli harbiy xizmat burchini namunali va munosib o‘tab, Vatan sarhadlarini himoya qilish hamda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari jangovar qudratini oshirishga qo‘shgan hissalari uchun chuqur minnatdorlik bildirib, ularning jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishiga muvaffaqiyat tiladi.
–Mamlakatimiz yoshlari uchun milliy armiyamiz haqiqiy hayot maktabiga aylandi, – dedi harbiy qism komandiri podpolkovnik Uchqun Tojiyev.– Qurolli Kuchlarimiz safida xizmat qilish har bir yosh o‘g‘lonning orzusi, faxr va sharaf ishidir. Chunki, milliy armiyamiz saflarida xizmat qilish har bir yigit uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Sizlar konstitutsiviy burchingizni a’lo darajada bajarib, bugun ota-onangiz, qavmu-qarindoshlaringiz va yaqinlaringiz bag‘riga yorug‘ yuz bilan qaytmoqdasiz. Bu bilan har qancha faxrlansangiz arziydi. Chunki, hamisha Vatanni mard, jasur va sadoqatli farzandlari qo‘riqlab kelgan.

Marosimda bir guruh askarlarga yurtimizdagi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishda imtiyoz beradigan harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasi va ularning ota-onalariga tashkkurnoma tantanali topshirildi.
Askarlarni tantanali kuzatish marosimi harbiy qismning yozgi madaniyat markazi, ya’ni tabiat qo‘ynida davom etdi. Ular uchun bu yerda bayram dasturxoni yozildi. Termiz tumani madaniyat bo‘limi san’atkorlarining konsert dasturi namoyish etildi.
Tadbir yakunida uylariga otlanayotgan askarlar harbiy qismda xizmat qilayotgan ofitserlar, kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchi serjant va oddiy askarlar bilan esdalik uchun suratga tushdi.

Mudofaa vazirligining Janubiy operativ qo‘mondonligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, vohadagi harbiy qismlarda muddatli harbiy xizmatning belgilangan muddatini o‘tab bo‘lgan 1 ming 113 nafar askar uyiga tantanali kuzatildi. Ularning 490 nafariga mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda imtiyoz beradigan tavsiyanoma topshirildi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri