Muammolarni hal etishning yangi mexanizmi
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat boshqaruvini aholi manfaatlari asosida tashkil etish, fuqarolarning qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish va byudjet mablag‘larining ochiq, maqsadli sarflanishini ta’minlashga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda “Tashabbusli byudjet” tizimi jamoatchilik ishtirokini ta’minlaydigan eng ta’sirchan mexanizmlardan biri sifatida shakllandi.
Mazkur tizim orqali fuqarolar hududlardagi dolzarb muammolarni bevosita ko‘tarish, loyihalar taklif qilish va ularni ovoz berish orqali saralash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Natijada ichki yo‘llar, ichimlik suvi, ta’lim muassasalari, elektr va kommunal tarmoqlar hamda ijtimoiy infratuzilma bilan bog‘liq ko‘plab masalalar aholi tashabbusi asosida hal etilmoqda.
Ayniqsa, tashabbusli byudjet amaliyoti jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholining davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish va mahalliy darajada fuqarolar faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bilan birga, aholi soni nisbatan kam yoki raqamli faollik past bo‘lgan hududlarda ayrim dolzarb, ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalar yetarli ovoz to‘play olmagani sababli yetakchi o‘ringa chiqa olmay, moliyalashtirishdan chetda qolish holatlari kuzatilmoqda.
Ana shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 29 avgustdagi “Tashabbusli byudjet jarayonlarini takomillashtirish doirasida xalq vakillari va saylovchilar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur hujjatga muvofiq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining hududlardagi ijtimoiy muammolarni hal etishdagi amaliy ishtiroki kengaytirilib, ularning tashabbuskorligi va saylovchilar oldidagi mas’uliyatini oshirishga qaratilgan yangi tizim hayotga tatbiq etildi.
Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan e’tiboran Qonunchilik palatasi deputatlari har yili o‘z saylov okruglarida tashabbusli byudjet jarayonlarida g‘olib bo‘lmagan loyihalar orasidan aholi ehtiyojlariga mos keluvchi ikkitadan loyihani tanlab oladi. Bunda har bir mavsumda bittadan loyiha “Ochiq byudjet” portali orqali saralanib, Respublika byudjetidan moliyalashtiriladi.
Shuningdek, portal orqali deputat tashabbuslari asosida moliyalashtiriladigan loyihalarning alohida ochiq ro‘yxati yuritiladi. E’tiborli jihati shundaki, mazkur yangi mexanizm faqat ovozlar soniga emas, balki ijtimoiy ehtiyoj va hududiy ahamiyatga ham ustuvorlik berish imkonini yaratmoqda.
Xususan, ushbu yo‘nalishdagi loyihalarni moliyalashtirish uchun 2026 yilda Respublika byudjeti hisobidan 494 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan.
Bundan tashqari, Qonunchilik palatasida tashabbusli byudjet jarayonlarini muvofiqlashtirish, loyihalarning amalga oshirilishi va moliyalashtirilishini nazorat qilish uchun maxsus parlament komissiyasi tashkil etildi. Bu yondashuv deputatlarni faqat nazorat qiluvchi sub’ekt sifatida emas, balki hududlardagi muammolar yechimiga amaliy ta’sir ko‘rsatuvchi institut sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Bugungi kunda mazkur tizim doirasida Andijon viloyatida ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan 13 ta loyiha qo‘llab-quvvatlanib, ularni amalga oshirish uchun tashabbusli byudjetning qo‘shimcha mexanizmlari hisobidan 21,1 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Xususan, shu kunlarda Izboskan tumani Solboshi mahallasida ichki yo‘llarni asfaltlash, Andijon shahridagi 28-umumta’lim maktabini ta’mirlash, Guliston mahallasida yo‘l infratuzilmasini yaxshilashga qaratilgan ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, viloyatning Andijon, Buloqboshi, Jalaquduq, Oltinko‘l, Paxtaobod, Ulug‘nor, Xo‘jaobod, Qo‘rg‘ontepa va Shahrixon tumanlarida ichki yo‘llar, ta’lim muassasalari va aholi uchun muhim bo‘lgan boshqa infratuzilma ob’ektlarini rivojlantirishga qaratilgan qator loyihalar izchil amalga oshirilmoqda.
Ushbu tashabbuslarning ahamiyatli jihati shuki, ular avvalgi bosqichlarda yetarli ovoz to‘play olmagan bo‘lsa-da, aholi ehtiyojidan kelib chiqqan holda qo‘shimcha moliyalashtirildi. Bu esa tizimda hududiy muvozanat va manzillilik tamoyillari kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.
Tahlillarga ko‘ra, mazkur loyihalar natijasida birgina Andijon viloyatining o‘zida 30 mingdan ziyod aholining kundalik hayot sifatiga bevosita ta’sir qiluvchi infratuzilma muammolarini hal etish imkoniyati yaratilmoqda.
Yangi mexanizm nafaqat moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirmoqda, balki deputatlar, mahalliy kengashlar va aholi o‘rtasida amaliy hamkorlikning yangi bosqichini shakllantirmoqda. Endilikda deputatlar nafaqat qonun ijodkorligi va parlament nazoratini amalga oshiruvchi sub’ekt bo‘libgina qolmay, u hududlardagi dolzarb muammolarni hal etish tashabbuslarini ilgari surishda faol ishtirok etuvchi sifatida ham namoyon bo‘lmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimizning yuqorida qayd etilgan “Tashabbusli byudjet jarayonlarini takomillashtirish doirasida xalq vakillari va saylovchilar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida joriy etilgan yangi yondashuv “Tashabbusli byudjet” loyihasining mazmun-mohiyatini sezilarli darajada boyitdi.
Eng muhimi, mazkur platformadagi raqamli tengsizlik va ovoz to‘plash jarayoni bilan bog‘liq amalda kuzatilayotgan ayrim cheklovlarni yumshatishga xizmat qilib, chekka va internet qamrovi past hududlar ehtiyojlarini inobatga olish imkoniyatlarini ham kengaytirmoqda.
Mazkur amaliyot davlat va jamiyat o‘rtasidagi institutsional ishonchni mustahkamlash, aholi muammolarini manzilli hal etish hamda fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtirokini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Nozimjon Ergashev,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi mutaxassisi.
O‘zA