Muammolar o‘rganilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga asosan, madaniyat va san’at sohasini tubdan isloh qilish bo‘yicha soha vakillari, faol ijodkorlar, tadbirkorlar va izlanuvchan yoshlar bilan turkum uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda.
Ochiq muloqot va uchrashuvlar Prezident Administratsiyasi vakillari, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida alohida tasdiqlangan jadval asosida 2026-yilning 20-25-aprel kunlari tashkil etilayapti.
Muloqotlar kino, akademik va an’anaviy ijrochilik, adabiy ijod, kompozitorlar va bastakorlar, teatr va sirk, xalq ijodiyoti va nomoddiy madaniy meros, madaniyat va san’at ta’limi, bolalar kontenti va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha bo‘lib o‘tmoqda.
Ochiq muloqotlar davomida sohadagi mavjud muammolar keng va batafsil muhokama etilmoqda. Amaliy taklif va tashabbuslar qabul qilinyapti. Madaniyat va san’atni rivojlantirishga qaratilgan yangi g‘oyalar ko‘rib chiqilmoqda.

Poytaxtimizdagi "Turkiston" saroyida tashkil etilgan ana shunday muloqot davomida teatr va sirk san’ati, ijodiy tashklotlardagi byurokratiyaga barham berish, umuman madaniyat muassasalarining moddiy texnik bazasini mustahkamlash masalalari xususida batafsil so‘z yuritildi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov teatr maskanlarining moddiy ahvolini yanada yaxshilash, kompozitorlar va bastakorlar faoliyatiga e’tiborni kuchaytirish, teatrlarda dramaturglar va rejissyorlar qamrovini kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
Ochiq muloqot davomida kompozitorlarning asarlarini yanada kengroq targ‘ib etish, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi badiiy jamoalari repertuariga o‘zbek kompozitorlari asarlarini ko‘proq tavsiya etish, teatrlarning moddiy-moliyaviy holati uchun imkoniyatlarni tobora kengaytirish va boshqa shu kabi yo‘nalishlardagi amaliy takliflar Madaniyat vazirligi rahbariyatiga taqdim etildi.

–Bizda turli tashkilotlar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma imzolash imkoniyati mavjud emas, – dedi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri direktori Alibek Abdurahmonov. – Keyingi masala teatr xodimlarining oyligini oshirish masalasidir. Bu muammoni hal etish eng yaxshi opera va balet ijrochilarining xorijga chiqib ketishining oldini oladi.
Ochiq muloqot davomida bildirilgan barcha taklif va mulohazalar batafsil o‘rganilib, tahlil etildi. Eng dolzarb va amaliy ahamiyatga ega fikr mualliflari yaqin payt ichida davlatimiz rahbari ishtirokida o‘tkaziladigan yig‘ilishga taklif etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri