Muammolar onlayn murojaat orqali hal etilmoqda
Ibratli tashabbus
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov joriy yilning sentyabr oyida Denov hamda Sariosiyo tumanlariga uyushtirilgan press-tur chog‘ida jurnalist va blogerlar bilan tog‘li Sangardak qishlog‘ida uchrashib, muloqot qilgan edi.

Tog‘lar qo‘ynidagi xushmanzara qishloqda viloyat rahbari vohada yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar, amalga oshirilayotgan yirik loyihalar va ularning hududni yuksaltirishdagi ahamiyati, turizm salohiyatining iqtisodiyotni rivojlantirishdagi o‘rni haqida atroflicha ma’lumot berdi. Jurnalist va blogerlar hududlardagi muammolarni o‘rtaga tashladi. Viloyatni yanada rivojlantirish, odamlarning turmush darajasini oshirishga qaratilgan taklif va tavsiyalarini bildirdi.

Uchrashuvda viloyat hokimi “Telegram” messenjerida jurnalist va ijtimoiy tarmoq faollari, viloyat hokimi o‘rinbosarlari, tuman, shahar hokimlari, ularning o‘rinbosarlari, viloyatdagi tashkilot va muassasalar rahbarlari uchun maxsus guruh tashkil etib, mavjud muammo va aholi murojaatlarini ana shu guruhda yoritib borish g‘oyasini ilgari surdi. Muammo va murojaatlar yechimini shaxsan nazorat qilishni o‘z zimmasiga oldi.

Mazkur taklif asosida viloyat hokimligining axborot xizmati hamda viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan “Hokimliklar & media (Surxondaryo)” guruh jurnalist va ijtimoiy tarmoq faollari bilan mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining ochiq muloqot maydoniga aylandi.
– “Telegram” guruh tarkibi viloyat, tuman, shahar hokimlari, o‘rinbosarlari, tashkilot, muassasa va korxonalar rahbarlari, aholi murojaatlari bilan ishlaydigan mas’ul xodimlar, faol jurnalist hamda ijtimoiy tarmoq faollaridan iborat, – deydi viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Murodbek Davlatov. – Joylarda jamoatchilik nazoratini olib borayotgan jurnalist va ijtimoiy tarmoq faollari o‘zlari duch kelgan muammolarni, xalqning dardu tashvishini ana shu guruhda yoritmoqda. Bu murojaatlar onlayn ijroga qaratilib, mutasaddilar tomonidan yechimi izlanayotir. Ularning belgilangan muddatlarda hal etilishini viloyat hokimi qat’iy nazorat qilmoqda.

Ahamiyatli jihati, “Telegram” guruhida ko‘tarilgan masalalar ijrosi har haftaning dushanba kuni “Hokimlik soati” yig‘ilishida muhokama etilib, yoritilgan muammolarga loqaydlik bilan yondashgan mutasaddilarga tegishli chora ko‘rilmoqda. Mazkur yig‘ilishda tuman va shahar studiyalaridan hududlardagi jurnalist, ijtimoiy tarmoq faollari ham ishtirok etmoqda. Masalan, o‘tgan haftadagi yig‘ilishgacha tushgan 103 ta murojaatning 59 tasi ijobiy hal etilgan yoki qonuniy to‘xtamga kelingan. Murojaatlarga yechim topishdagi e’tiborsizligi uchun 15 ga yaqin mas’ul vazifasidan chetlatildi. 12 nafariga turli jazo choralari qo‘llanildi. Bugun bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 90 dan ortiq murojaat yechimini topgani ma’lum qilindi. Xalq muammosini olib chiqayotgan ijtimoiy tarmoq faollarining ayrim murojaatlariga loqayd munosabatda bo‘lgan rahbarlar qattiq ogohlantirildi.

– Jamiyatimizdagi muammolarni ko‘tarib chiqib, bizga ko‘makchi bo‘layotgan jurnalist va blogerlarga rahmat, – dedi viloyat hokimi. – Bu murojaatlarga har bir rahbar jiddiy e’tibor berib, ularning ijrosini belgilangan muddatlarda ta’minlashi shart. Guruhga kelib tushayotgan har bir murojaat bilan bevosita o‘zim kunlik tanishib boryapman. Endi ijroga qaratilgan har bir murojaatning so‘rovi yanada qattiq bo‘ladi.
Tahlillarga ko‘ra, viloyatda aholi elektr energiyasi va toza ichimlik suvi bilan ta’minlashdagi muammolar, ichki yo‘llarni ta’mirlash, aliment qarzdorligini undirish va kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy yordam, uy-joy bilan ta’minlash kabi masalalarni o‘rtaga tashlamoqda. Dehqon bozorlaridagi narx-navolarga, ayrim tadbirkorlar duch kelayotgan muammolarga e’tibor qaratilmoqda.

– Bu guruh ish boshlagach, ijtimoiy tarmoqlarning turli segmentida viloyatdan tanqidiy ruhdagi materiallar, noxolis yoritilgan holatlar kamaygani kuzatilmoqda, – deydi viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Zahiriddin To‘rayev. – Chunki, barcha ijtimoiy tarmoq faollarining fikr-mulohazalarini, xalqimizning dardu tashvishlarini bir joyda to‘plab, hal etilishi jiddiy nazorat qilinadigan va ijrosi shu guruhning o‘zida e’lon qilinadigan onlayn tizim yaratildi. Telegramm messenjerida tashkil etilgan yangi guruh ijtimoiy tarmoqlarni yillar davomida “obod” qilib kelayotgan blogerlarning fikr-qarashlarini bir joyda jamlab, asosli murojaatlariga qonuniy yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda. Jamiyatdagi mavjud muammolarni aniqlab, uni hal etishga, hayotidan rozi bo‘lib yashaydigan oila va insonlar safini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri