MUAMMO VA YECHIM: “Kredit-modul tizimi”...
Bugungi kunda oliy taʼlim tizimiga ECTS kredit-modul tizimini joriy etish koʻplab fikr-mulohazalarga sabab boʻlmoqda.
Bugungi kunda oliy taʼlim tizimiga ECTS kredit-modul tizimini joriy etish koʻplab fikr-mulohazalarga sabab boʻlmoqda. Shunday ekan, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti misolida mazkur tizimni oʻquv-tarbiya jarayoniga tatbiq etish masalasini koʻrib chiqamiz.
Avvalambor, mazkur tizim nega aynan “kredit-modul” deb nomlanishiga eʼtibor qaratsak, kredit bu –talabaning oʻquv yuklamasi boʻlib, institutda 1 kredit 30 soatga teng deb olindi. Demak, kreditlar soniga qarab, talabaning oʻquv-tarbiya jarayonida oʻzlashtirish soatlarini tushunsak toʻgʻri boʻladi. Xalqaro tajribaga koʻra, oʻquv yili mobaynida talaba har semestrda 30 kreditdan, bakalavr bosqichida jami 8 semestrda 240 kredit, magistraturaning 4 semestrida esa 120 kreditni toʻplashi kerak boʻladi.
Institutda har bir semestr 15 haftadan oʻquv-tarbiya jarayoni tashkil etish belgilandi. Bunda talaba bir semestr mobaynida (45/55 nisbatda) auditoriyada 26x15=390 soat va mustaqil taʼlim hamda ishlab chiqarish amaliyotlariga ajratilgan 510 soat bilan jami 30x30=900 soatni yaʼni 30 kredit oʻquv yuklamasini bajarishi shart hisoblanadi. Demak, oʻquv rejada keltirilgan 4-6 fanning har bir mavzusini toʻliq oʻzlashtirmasa tegishli kreditlarni toʻplay olmaydi. Buni toʻliq anglagan holda, semestr boshidan professor-oʻqituvchilar ham talaba ham masʼuliyat bilan bilim berishga va bilim olishga intiladilar.
Shu sababli, institutda muntazam ravishda yangi ECTS kredit-modul tizimini amalga tatbiq etishga oid master klass, seminar-trening va ijtimoiy Telegram kanalida onlayn maslahat kabi samarali tadbirlar tashkil etilgan. Professor-oʻqituvchilar oʻzlarining fanlaridan oʻquv materiallarini tayyorlash, talabaga yetkazish, shuningdek, talabaga auditoriyada hamda mustaqil taʼlimda ushbu materiallarni va tegishli mavzuga oid qoʻshimcha maʼlumotlarni izlashi, qayta ishlashi va oʻzlashtirishi kabi masʼuliyatli vazifalar yuklanadi.
Endi “modul” atamasiga keladigan boʻlsak, tor maʼnoda “tugallangan mazmun”ni ifodalaydi. Albatta, bu juda muhim hisoblanadi, chunki oʻqitiladigan fanlar mazmunini yoki sillabus (oʻquv dastur)larni ishlab chiqishda fanlarning ketma-ketligi, uzviyligi va bogʻliqligi yaʼni, integrativligiga alohida eʼtibor qaratiladi.
Talaba bir modul birligini oʻzlashtirib, ikkinchisiga oʻtganda unda malaka talablaridagi kompetensiyalarning elementlari bosqichma-bosqich shakllanib borishi nazarda tutiladi. Shuningdek, mazkur tizimning joriy etilishi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari dasturlarining aniq maqsadli va mobilligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Shu oʻrinda aytadigan boʻlsak, yangi joriy etilayotgan tizim mahalliy OTMlar taʼlim sifatining xalqaro arenalarda eʼtirof etilishini osonlashtiradi. Lekin, bu yangilanish professor-oʻqituvchilar va talabalar oldiga yana-da dolzarb vazifalar (xorijiy tillar va AKTni mukammal oʻrganish, xalqaro almashuv dasturlari va stajirovkalarda ishtirok etish, dars berayotgan fanidan oʻquv adabiyotlarni ilmiy tadqiqot natijalari asosida yaratish va h.k.) qoʻyilishiga motivatsiya beradi.
Darhaqiqat, bitiruvchilar oliy taʼlim muassasasida “kompetent” kadr boʻlib yetishi uchun taʼlim yoʻnalishi malaka talablari ijtimoiy buyurtmachilar tomonidan qoʻyilgan zamonaviy talablar asosida shakllantiriladi. Shu orqali talabalarda kasbiy kompetentligining shakllanishiga urgʻu beriladi. Bundan koʻrinadiki, yangi tizim amaldagi oliy taʼlim tizimining toʻgʻridan-toʻgʻri takomillashtirilgan koʻrinishini ifodalaydi. Shuning uchun ham kredit-modul tizimining joriy etilishi oliy taʼlimning isloh qilinishi va professor-oʻqituvchilarning kelgusi kasbiy-pedagogik faoliyatlarini samarali tashkil etishga asos boʻladi. Buni quyidagi misollarda yaqqol koʻrish mumkin.
Birinchidan, amaldagi tizimda auditoriya va mustaqil taʼlimga (55-60)/(40-45) (100 foiz hisobidan) nisbatda tashkil etilgan boʻlsa, mazkur tizimda (45-50)/(50-55) nisbatda tashkil etilmoqda. Bu esa, talabalarning oʻz ustida mustaqil ishlashiga koʻproq yoʻnaltirilganidan dalolat beradi. Eʼtiborli jihati shundaki, aynan fanlar uchun ajratilgan umumiy soatga nisbatan kreditlar (30 soat = 1 kredit) beriladi.
Ikkinchidan, umumiy fanlar soni qisqartirilmoqda, chunki baʼzi fanlar yangi fan (modul) mazmuni tarkibiga kiradi. Lekin talabaning 1 semestrda oʻzlash tirilishi kerak boʻlgan oʻquv soati, yaʼni haftasiga 54 soat saqlanib qolgan. Shuning uchun har semestrda 8-10 ta fanlar oʻrniga 4-6 ta modul oʻqitiladi. Shu oʻrinda aytish joizki, baʼzi fanlar taʼlim yoʻnalishlari oʻquv rejasidan umuman olib tashlanmoqda, jahon tajribasidan maʼlumki, mutaxassislik fanlari oʻquv soatlarini koʻpaytirilishi ustuvor hisoblanadi. Bunda tabiiy-ilmiy va gumanitar fanlari blokining ayrim fanlarini elektiv (tanlov) fanlar koʻrinishida yoki umum kasbiy va ixtisoslik fanlar mazmuniga singdirish orqali oʻqitilishi yuqori samara beradi. Boʻlajak mutaxassis yuqorida qisqartirilayotgan fanlardan faqat kelajakda faoliyat olib boradigan sohaga tegishli qismlarini oʻrganishi nazarda tutiladi.
Yuqoridagi fikr-mulohazalardan kelib chiqib, mavjud muammolarga quyidagi yechimlarni berish mumkin:
Umumtaʼlim maktabi yoki litsey-kollej bitiruvchisi oʻquv yuklamasi, semestr, fan uchun belgilangan kredit miqdori, sarflanadigan vaqt haqida tasavvur yoki tushunchaga ega emas. Qolaversa, maktab va institut oʻquv jarayonlaridagi tafovut (masalan, chorak oʻrniga semestr, baho oʻrniga kredit, oʻquv jarayoni – kredit-modul tizimi)larni tushunib yetishi kerak. Bu borada nafaqat talabaning tayyorligi, ota-onasining yangi tizim talablaridan xabardorligi va masʼuliyatni birgalikda his qilishi juda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki, birinchidan talaba maʼlum fandan kreditlarni toʻplashi mustaqil taʼlim soatlariga bogʻliq, yaʼni faqat oʻqituvchi tomonidan berilgan bilim bilan cheklanib qolmaydi. Talaba butun imkoniyatini ishga solib, darsdan boʻsh vaqtini toʻgʻri taqsimlash koʻnikmasiga ega boʻlishi kerak.
2. Maʼlum fandan yetarli kreditni toʻplay olmagan akademik qarzdor talabaga nazorat ishini qaytadan topshirishi uchun pullik toʻlov amalga oshirilishi belgilanadi. Xorijiy va mahalliy oliy taʼlim muassasalari tajribalari asosida tegishli Nizomlar tasdiqlanadi. Aks holda qarzdor talabalarni moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlaydigan homiylari aksariyat hollarda ota-onalar hisoblanadi. Demak, abituriyentlar yoki oʻqishga kirgan 1-kurs talabalarning ota-onalariga ham taʼlimdagi yangicha yondashuv va oʻqitish tizimi haqida batafsil maʼlumot yetkazilishi (vebinar, seminar, ochiq eshiklar kuni va h.k.) kerak.
3. ECTS kredit-modul tizimida oʻquv jarayonini tashkil etishda OTM professor-oʻqituvchilarining oʻz oʻrni boʻlishi kerak. ECTS kredit-modul tizimida tajribali professor-oʻqituvchilar fan mavzulari boʻyicha yangi mazmundagi maʼlumotlarni zamonaviy innovatsion texnologiyalari asosida qiziqarli qilib yetkazib berish imkoniyatiga ega boʻladilar. Ayniqsa, kredit-modul tizimi OTM oʻquv dasturlarini shakllantirishda talabaning malakaviy va amaliy bilim koʻnikmasini hosil qilish, shuningdek, fanlar mazmunini chuqurroq oʻzlashtirib sifat koʻrsatkichlariga erishish uchun alohida eʼtibor qaratiladi.
4. Barcha OTMlarda ECTS kredit-modul tizimi joriy etilar ekan, demak ishlab chiqarish korxonalari bilan integrativ hamkorlikni olib borish orqali har bir bakalavriat va magistratura oʻquv dasturi maqsadlarini oldindan aniq belgilab, bitiruvchilar dastur davomida qoʻlga kiritishi zarur boʻlgan bilim, koʻnikma va mahoratlar shaklida belgilab olinsa, talaba butun imkoniyatini ishga solib, darsdan boʻsh vaqtini toʻgʻri taqsimlash koʻnikmasiga ega boʻladi.
5. Yangi yondashuvda mustaqil taʼlimga alohida urgʻu berilar ekan, OTMlarning ARMlarida mavjud adabiyotlarni ekspertizadan oʻtkazish, ularning mazmunan sifatliligini monitoring qilish, ECTS kredit-modul tizimi talablari va ishlab chiqarish korxonalari, yaʼni kadrlar isteʼmolchilari talablariga mos keladigan adabiyotlar, texnik-texnologik sohalar uchun jihoz va uskunalardan foydalanish boʻyicha yoʻriqnomalar ishlab chiqiladi. Bu jiddiy masala, chunki har qanday koʻrinishdagi taʼlim tizimida uslubiy taʼminot hal qiluvchi rol oʻynaydi. Fan oʻqituvchisining masʼuliyatini belgilaydi, ayniqsa, mustaqil taʼlimni takomillashtirish jarayonida.
6. ECTS kredit-modul tizimida oʻquv jarayonini tashkil etishda kasaba uyushmalarining alohida oʻrni boʻlishi kerak. Xorij tajribasidan maʼlumki, OTMga kirish istagi boʻlgan abituriyent 1-kursdan tuziladigan shartnomasi 4 tomonlama boʻlib, talaba, OTM, korxona, kasaba uyushmasi tomonidan rasmiylashtiriladi. Bu masalalar mazkur tomonlar orasida hal etiladi, hukumat aralashmaydi. Korxona talabaning oʻqishiga homiylik qiladi, barcha amaliyotlar va tajriba mashgʻulotlari obyekti talaba kelajakda ishlaydigan ish oʻrni, dastgohi sanaladi. Bitiruvchi malakaviy amaliyot davrida hamda oʻqishni tugatganidan soʻng oʻz mehnat faoliyatini toʻgʻridan-toʻgʻri yuqori malaka va koʻnikmaga ega mutaxassis sifatida tashkil qila oladi.
OTM professor-oʻqituvchilari talabalarni oʻqitadi, bilim olishga undaydi, amaliy koʻnikmasini hamda har qanday sharoitda ham mustaqil qaror qabul qilish qobiliyatini shakllantiradi. Baholash va imtihon jarayonlari esa ishga qabul qiladigan korxona mutaxassislari yoki boshqa ishlab chiqarish xodimlari tomonidan oʻqituvchi ishtirokisiz amalga oshiriladi. Talaba 4 yil mobaynida shu masʼuliyatni his qilgan holda butun imkoniyati bilan sifatli taʼlim olishga harakat qiladi. Buning uchun yirik kompaniyalar, korxonalar, ish beruvchilar va ota-onalar masʼuliyatini oshirish, doimiy hamkorlikni yoʻlga qoʻshish zarur.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, har qanday tizim rivojlanishi uchun yangiliklarni joriy qilishga ehtiyoj sezadi. Shunday ekan amaldagi oliy taʼlim tizimiga tatbiq qilinayotgan ECTS kredit-modul tizimi ham oʻz samarasini bermasdan qolmaydi. Buning uchun professor-oʻqituvchilar oʻquv-tarbiya jarayonida masʼuliyatlarini oshirishi, qattiq intizom bilan oʻz ustida muntazam ishlashi, oʻzlari tomonidan yaratilgan innovatsion gʻoyalarga iqtidorli talabalarni keng jalb etgan holda “ustoz-shogird” tizimini joriy etishi shart. Ustoz har bir boʻlajak mutaxassis kelajagi bilan qiziqqan holda ularning universal kompetensiyalarini rivojlantirishga undaydi. Bunda talabalar tanlagan kasblariga nisbatan mehr va ishonch bilan yondashishlari, bilim va koʻnikmaga ega boʻlishlari qoʻyilgan maqsadlarimizga erishishda asos boʻlib xizmat qiladi.
Nusratilla Barakayev, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti
rektori