Namuna Rustamova ilg‘or pedagogik faoliyati bilan hamkasblariga ibrat bo‘layotir
Yoshlarga zamonaviy ta’lim-tarbiya berish, navqiron avlodni barkamol voyaga yetkazishda ustoz-murabbiylarning mehnatini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi. O‘g‘il-qizlarimizning dunyoni anglashi, ilm-fan sirlarini puxta o‘zlashtirishi, jamiyatda munosib o‘rin egallashida zahmatkash kasb egalarining o‘rni beqiyos.
Yoshlarga zamonaviy ta’lim-tarbiya berish, navqiron avlodni barkamol voyaga yetkazishda ustoz-murabbiylarning mehnatini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi. O‘g‘il-qizlarimizning dunyoni anglashi, ilm-fan sirlarini puxta o‘zlashtirishi, jamiyatda munosib o‘rin egallashida zahmatkash kasb egalarining o‘rni beqiyos.Mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar samarasida yurtimizning barcha hududlarida muhtasham ta’lim muassasalari qad rostladi va zamonaviy o‘quv jihozlari bilan ta’minlandi. Fan kabinetlari eng so‘nggi o‘qitish vositalari bilan jihozlanib, dars jarayonlariga ilg‘or pedagogik texnologiyalar tatbiq etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida ta’lim tizimida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida xalq ta’limi xodimlarining mehnati munosib rag‘batlantirilayotgani, qo‘llab-quvvatlanayotgani o‘qituvchilarning yanada faol ishlashi, yosh avlodning har tomonlama barkamol ulg‘ayishida muhim omil bo‘lmoqda.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori o‘qituvchilar malakasini oshirish, zamonaviy o‘quv-uslubiy materiallar bilan ta’minlashni yanada yaxshilash, pedagoglarning o‘z ustida ishlashi, izlanishi va darsga ilg‘or pedagogik texnologiyalarni jadal joriy etishda yangi bosqichni boshlab berdi. Ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rlikdan ilhomlangan Farg‘ona shahridagi 41-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabining ingliz tili fani o‘qituvchisi Namuna Rustamova ham ilg‘or pedagogik faoliyati bilan hamkasblariga ibrat bo‘layotir.
Maktabda 1 ming 539 o‘g‘il-qiz tahsil olmoqda. Darslar zamonaviy ta’lim andozalari asosida, ko‘rgazmali qurol va innovatsion texnologiyalardan keng foydalanilgan holda olib borilayotir. Xorijiy tillarni o‘rgatishga alohida e’tibor qaratilgan. Ayniqsa 1-sinf o‘quvchilari uchun og‘zaki nutq, interfaol o‘yinlar tarzidagi ingliz tili saboqlari bolalarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
...Maktabning 1-“A” sinfida ingliz tili darsi. Muallima Namuna Rustamova uchinchi qatorda o‘tirgan o‘quvchini muloqotga tortdi. Inglizchani mehr bilan o‘rganayotgan Jahongir qaddini g‘oz tutganicha avvaliga o‘zini tanishtirdi, so‘ngra oilasi haqida so‘zlab berdi. Yana chet tilida sanashni o‘rgangani, ranglar, uy va yovvoyi hayvonlar, meva-sabzavotlar nomlarini ham bilishini namoyon qildi.
Televizor, DVD, komputer, so‘zlovchi alifbo va boshqa tarqatma materiallar bilan jihozlangan sinfxonada bolalar ingliz tili muhitida saboq oladi. Mashg‘ulotlar nutq o‘stirish tarzida, atrof-muhit va bolaning yoshiga mos mavzular asosida olib boriladi. Bolalarning ingliz tilida biyron so‘zlayotganini ko‘rib, havasingiz keladi.
– Yurtimizda pedagoglar mehnati ulug‘lanayotgani, yoshlarga fan sirlarini chuqur o‘rgatish uchun barcha qulayliklar yaratilayotgani bizni yanada faol, katta kuch-g‘ayrat bilan ishlashga undamoqda, – deydi N. Rustamova. – Maktabimizda o‘quvchilarning puxta bilim olishi uchun barcha sharoit mavjud. Keng va yorug‘ sinfxonalar zamonaviy usulda jihozlangan, zarur ko‘rgazmali qurollar bilan ta’minlangan. Bu ta’lim sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
2008-yilda Farg‘ona davlat universitetining chet tillar fakultetini ingliz tili yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan yosh o‘qituvchi darslarni interfaol usulda olib boradi. Ingliz tilida tayyorlangan O‘zbekiston haqidagi taqdimot, shuningdek, yurtimiz tarixi va buguni haqidagi uslubiy qo‘llanmalar yosh muallimaning izlanishlari samarasidir. U dars jarayonida qo‘shimcha adabiyotlardan keng foydalanadi. O‘quvchilarni mustaqil fikrlashga o‘rgatadi, mavzular yuzasidan bolalar fikrini bilishga intiladi.
Tajribali muallima O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan “Yilning eng yaxshi chet tili o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovida yuqori natijaga erishib, joriy yil 8-22-yanvar kunlari Buyuk Britaniyaning “St. Mark & St. John” universitetida tajriba almashib qaytdi.
– Buyuk Britaniyaning Plimut hududida joylashgan bir nechta o‘rta maktablar hamda til o‘rgatish markazlaridagi ta’lim tizimi bilan tanishdik, – deydi N. Rustamova. – Darslarni kuzatar ekanman, o‘zimizdagi ta’lim tizimi bilan taqqoslashga harakat qildim. E’tiborlisi, yurtimiz maktablaridagi chet tili kabinetlarining jihozlanishi u yerdagilardan hech bir jihati bilan qolishmaydi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarimiz Buyuk Britaniyadagi tengdoshlari foydalanayotgan sharoitdan kam bo‘lmagan imkoniyatlar asosida ta’lim olayotganidan faxrlandim.