Moziy muhandisligi: Shayboniyxonning Samarqandda bunyod ettirgan ilk inshooti
Markaziy Osiyo mintaqasining ijtimoiy-iqtisodiy hayotida suv yo‘llari va ularning kechuvlari doimo muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Xususan, tarixiy manbalarda Ko‘hak nomi bilan tilga olingan Zarafshon daryosi Samarqand va Buxoro kabi ikki yirik siyosiy-ma’muriy markazni bog‘lovchi asosiy vosita sanalsa-da, ayni paytda aholi va savdo karvonlari uchun jiddiy xavf tug‘dirgan.
Daryoning to‘lib oqqan paytida uni kechib o‘tish o‘ta mashaqqatli jarayon bo‘lib, ko‘plab insonlarning halokatiga hamda moddiy yo‘qotishlarga ham sabab bo‘lgan. XVI asr boshlarida Turonda hokimiyatni egallagan Muhammad Shayboniyxon davrida amalga oshirilgan yirik infratuzilma loyihalaridan biri – aynan ushbu daryo ustida mustahkam ko‘prik barpo etilishi bo‘ldi. Bu voqea nafaqat muhandislik yechimi, balki davlat boshqaruvidagi qat’iyat namunasi sifatida ham tarix sahifalaridan o‘rin olgan.
Tarixchi va shoir Kamoliddin Binoiy o‘zining “Shayboniynoma” asarida ushbu qurilish jarayonini batafsil bayon etgan. Manbada keltirilishicha, 1502 yilning kuz oylarida Shayboniyxon Buxorodan saltanat poytaxti Samarqandga qaytayotgan mahalda Zarafshon daryosi qirg‘og‘ida to‘xtaydi. O‘sha vaqtda daryo suvi ko‘payib, oqim tezlashgani bois, odamlar va ot-ulovlarning suvga g‘arq bo‘lish holatlari kuzatilayotgan edi (Cho‘ponota yaqinida Zarafshon daryosi ustiga qurilgan qadimgi ko‘prik buzilib ketgan bo‘lsa kerak). Binoiy mazkur vaziyatni tasvirlar ekan, mahalliy aholi daryoni “boshini ko‘targanda ikki yuz odamni o‘z komiga tortadigan ajdaho”ga qiyos qilganini ta’kidlaydi. Yuzaga kelgan og‘ir vaziyatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan hukmdor daryo o‘zanini tartibga solish va aholi uchun xavfsiz o‘tish yo‘lagini barpo etish bo‘yicha qat’iy ko‘rsatma beradi.
Mazkur tashabbus dastlab saroy a’yonlari va mutaxassislar tomonidan shubha bilan qarshi olingan. O‘z davrining tajribali muhandislari tez oqar va tubi notinch daryoda suv ayirg‘ich qurish imkonsiz ekanligini, Binoiy tili bilan aytganda, bunday ish faqat Iskandar Zulqarnayn kabi afsonaviy hukmdorlargagina xos bo‘lganini ro‘kach qilib, loyihaning murakkabligidan ogohlantiradilar. Biroq davlat rahbarining irodasi qat’iy edi. Shayboniyxon a’yonlarning e’tirozlarini rad etib, barcha sultonlar, amirlar va lashkarboshilarga chodirlarini daryo bo‘yiga tikishni hamda qurilish ishlariga safarbarlik e’lon qilishni buyuradi. Bu holat loyihaning davlat ahamiyatiga molik ustuvor vazifa sifatida belgilanganini ko‘rsatadi.
Qurilish jarayoni harbiy intizom asosida tashkil etiladi. Shahar aholisi va maxsus ishchi kuchlari tosh keltirish, yog‘och tayyorlash ishlariga jalb qilinadi. Manbada qurilish texnologiyasiga oid qiziqarli ma’lumotlar uchraydi. Dastlab ustalar tomonidan “vart” deb nomlangan maxsus moslamalar – ichiga tosh to‘ldirilgan yirik yog‘och to‘siqlar tayyorlangan. Ushbu og‘ir konstruksiyalar suv oqimini to‘sish maqsadida daryoga tashlangan. Ammo Zarafshon daryosining oqimi shu qadar kuchli ediki, tosh bilan to‘ldirilgan ulkan to‘siqlarni ham yengil xas-cho‘p kabi oqizib ketgan. Birinchi bosqichdagi bunday muvaffaqiyatsizlik muhandislar va ustalarni tushkunlikka tushiradi, loyihaning amalga oshishi so‘roq ostida qoladi.
Vaziyat keskinlashgan pallada yechim bevosita Shayboniyxonning o‘zi tomonidan taklif etiladi. Tarixchi Binoiy buni “ilohiy ilhom” bilan bog‘lasa-da, matn mazmunidan anglashiladiki, xon gidrotexnik inshootni qurishda noan’anaviy uslubni qo‘llashni buyurgan. Yangi uslubga ko‘ra, inshoot poydevorini mustahkamlash va suv yo‘lini boshqarish bo‘yicha aniq texnik yechimlar ishlab chiqilgan. Natijada, mutaxassislar tomonidan bajarib bo‘lmas vazifa deb baholangan ish bor-yo‘g‘i bir oy muddatda yakuniga yetkaziladi. 1502 yilning oktyabr oyida Zarafshon daryosi ustida muhtasham toq (ko‘prik) va suv taqsimlovchi (suv ayirg‘ich) qad rostlaydi. Kuz faslining sovuq ob-havosi sharoitida bunday qisqa muddat ichida ulkan hajmdagi qurilishning amalga oshirilishi o‘sha davr me’morchiligi uchun noyob hodisa hisoblanadi.
Zarafshon ko‘prigining qurilishi faqat qatnov muammosining yechimi bo‘lish bilan cheklanib qolmadi. Ushbu inshoot Turonning iqtisodiy integratsiyasini kuchaytirishga ham xizmat qildi. Samarqand va Buxoro o‘rtasidagi qatnovning xavfsizlantirilishi savdo aloqalarining rivojlanishiga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining uzluksiz aylanishiga turtki berdi. Shuningdek, suv yo‘lining tartibga solinishi vohadagi dehqonchilik tizimiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Shayboniyxonning bevosita boshchiligida amalga oshirilgan mazkur loyiha temuriylardan keyingi davrda markaziy hokimiyatning kuch-qudratini hamda aholi turmush farovonligini ta’minlashga qaratilgan siyosatini amalda namoyon etdi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Kamoliddin Binoiyning “Shayboniynoma” asarida keltirilgan ushbu tarixiy lavha o‘tmish hukmdorlarining bunyodkorlik faoliyatiga yangicha nazar tashlash imkonini beradi. Xalq manfaati yo‘lida tabiiy to‘siqlarni yengish, murakkab vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish va resurslarni maqsadli safarbar etish salohiyati davlatchilik tariximizning muhim qirralaridan biridir. Zarafshon daryosi uzra qurilgan ko‘prik asrlar davomida el xizmatida bo‘lib, ajdodlarimizning aql-zakovati va mehnatidan dalolat bo‘lib keldi.
Alisher Egamberdiyev, O‘zA