Moskva va Pekin Eronni sanksiyalar zarbasidan to‘sdi (+video)
Rossiya va Xitoy BMT Xavfsizlik Kengashida Eronga qarshi sanksiyalar monitoringini davom ettirishga qaratilgan AQSH rezolyutsiyasi loyihasiga veto qo‘ydi. Shu tariqa Moskva va Pekin G‘arbning BMT ekspertlari guruhi vakolatini uzaytirish tashabbusini to‘xtatdi, deb xabar qildi TRT kanali
Ovoz berish jarayonida hujjatni Kengashning 11 a’zosi qo‘llab-quvvatladi, Somali va Pokiston vakillari betaraf qoldi. Biroq Xavfsizlik Kengashining ikki doimiy a’zosi — Rossiya va Xitoyning qat’iy pozitsiyasi tufayli rezolyutsiya qabul qilinmadi.
Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya sanksiyalarning qayta tiklanishini noqonuniy deb atadi. Uning ta’kidlashicha, AQSH tomonidan tayyorlangan rezolyutsiya loyihasining ham huquqiy asosi mavjud emas.
O‘z navbatida, Eronning BMTdagi vakili Moskva va Pekinga minnatdorlik bildirdi. AQSHning BMTdagi vakili o‘rinbosari Jennifer Losetta esa veto qo‘ygan davlatlarni Tehron bilan taqiqlangan hamkorligini yashirishga urinayotganlikda aybladi.
Shu bilan birga, Vashington Eronga nisbatan iqtisodiy bosimni kuchaytirdi. AQSH hukumati moliyaviy cheklovlarni kriptovalyuta tarmoqlari orqali chetlab o‘tishda Eronga yordam bergani aytilgan bank va kompaniyalarni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi.
Kenja Bekjonov,Anvar Axmedov. O‘zA