Moskva ringlarida Vatanni ulug‘laganlar kutib olindi
Bugun tongda Rossiya poytaxti Moskva shahrida harbiy bokschilar o‘rtasida o‘tkazilgan 58- jahon chempionatida 3 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, Vatanimiz sharafini ulug‘lagan sportchilarimiz poytaxt aeroportida tantanali kutib olindi.
Kutib olish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya va mamlakat boks federatsiyasi mutasaddilari, bokschilarimizning ota-onalari, yaqinlari, keng jamoatchilik vakillari, jurnalistlar ishtirok etishdi.
Muzaffar sportchilarimizga gullar taqdim etildi. Zarbof tunlar kiydirildi. Ularning g‘alabasi sharafiga harbiy orkestr g‘oliblik marshini ijro etdi.
– 18-25 sentyabr kunlari o‘tkazilgan jahon chempionati kutilganidan ham murosasiz o‘tdi. O‘zbekiston terma jamoasining 2-3 tarkibi bilan qatnashgan bo‘lsak-da, harbiy bokschilar o‘rtasida O‘zbekistonning o‘z o‘rni borligini sportchilarimiz namoyish qila olishdi. Nufuzli musobaqada dunyoning 36 mamlakatining deyarli teng yarmi asosiy tarkib bilan ishtirok etdi. Ko‘pgina terma jamoalar uchun ushbu musobaqa joriy yilning 26 oktyabr–6 noyabr kunlari Serbiyaning Belgrad shahrida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati uchun o‘ziga xos tayyorgarlik vazifasini o‘tadi. Biz ham qaysidir ma’noda ayrim vaznlardagi iqtidorli bokschilarimizni sinovdan o‘tkazdik. O‘ylaymanki, Moskva ringlarida kutilgan natijaga erishdik. Umum jamoa hisobida, qozog‘istonliklar bilan bir xil 7 ta medalga sazovor bo‘lgan holda chorak finaldagi muvaffaqiyatlarimiz evaziga 2-o‘rinni egalladik, – deydi O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyi Elshod Rasulov.
Toshkent xalqaro aeroportidagi tantanalardan so‘ng, g‘olib sportchilarimiz O‘zbekiston bayroqlari bilan bezatilgan avtobuslarda poytaxtimizning charog‘on ko‘chalari bo‘ylab O‘zbekiston boks federatsiyasi sari yo‘l olishdi.




T. Ro‘ziyev, O‘zA