Moskva Berlinning Rossiyaga qarshi siyosatiga norozilik bildirdi (+video)
Germaniyaning Rossiyadagi Muvaqqat ishlar vakili Berdt Finke norozilik bildirish uchun Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi, deb xabar berdi DW nashri.
Bir kun oldin Germaniya tashqi ishlar va ichki ishlar vazirlari Leypsigdagi dron bilan bog‘liq hodisada Rossiyani ayblagan edi.
Rossiya TIV ma’lum qilishicha, Germaniya diplomatiga Berlin tomonidan ilgari surilgan Rossiyaning Leypsig aeroportidagi hodisaga aloqadorligi haqidagi ayblovlarni qat’iyan rad etishi aytilgan. Germaniyaning Rossiyadagi yangi elchisi Klemens fon Gyotse o‘sha kuni Moskvada bo‘lmagan.
Shuningdek, Rossiya TIV Germaniya elchixonasi vakiliga Germaniya hukumati Rossiyaning Bonndagi Bosh konsulxonasi va Berlindagi Rus uyini yopish haqida qabul qilgan qarorini ikki davlat munosabatlarini butunlay yemirish yo‘lidagi qadam sifatida baholayotganini bildirgan. Rossiya TIV ta’kidlashicha, diplomatning chaqirilishi Germaniya rahbariyatining Rossiyaga qarshi harakatlari va bayonotlari bilan bog‘liq. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi «Germaniya hukumatining harakatlariga keskin javob beriladi», deya ogohlantirgan.
Bir kun oldin Rossiya prezidenti Vladimir Putin Germaniyaning yangi sanksiyalarini «qo‘pol xato» deb atagan va Leypsig aeroportidagi hodisaga Moskvaga aloqadorlikni tasdiqlovchi dalillar yo‘qligini bildirgan edi.
Berlindagi Rossiya elchixonasi ham Moskvaga qo‘yilgan ayblovlarni asossiz deb atadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya tomoni javob choralari sifatida Sankt-Peterburgdagi Gyote instituti va Germaniyaning Bosh konsulxonasini yopish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.
Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA