Momomeros hunar davomchisi
FOTOREPORTAJ
Jizzax viloyati Do‘stlik tumani Chinobod mahallasida istiqomat qiluvchi Sevara Islomova oilaviy meros sifatida qadrlanib kelinayotgan tikuvchilikni zamonaviy tadbirkorlik modeli bilan muvaffaqiyatli uyg‘unlashtirgan.
S.Islomova mazkur kasbni 2009-yilda xonadonda kichik faoliyat sifatida boshlagan. 2017-yilda esa yakka tartibdagi tadbirkor va hunarmand sifatida rasmiy ro‘yxatdan o‘tdi.
– Momolarimizdan qolgan bu hunarni bugungi davr talabi, zamonaviy bichim va didga moslaganmiz, - deydi Sevara Islomova. – Faoliyatimizni kengaytirishda davlatimiz tomonidan ajratilayotgan imtiyozli kreditlar katta tayanch bo‘ldi. 2021-yilda birinchi marta 12,7 million so‘m imtiyozli kredit olib, uni muvaffaqiyatli to‘ladik. Shundan so‘ng yana 100 million so‘mlik kredit mablag‘i yo‘naltirilib, yangi bichuv doskalari, zamonaviy tikuv mashinalari hamda zarur xomashyolar xarid qildik.
[gallery-31274]
Tadbirkor asosiy e’tiborni aholi bandligini ta’minlash va ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratgan. Bugungi kunda sex va kasanachilik yo‘nalishida jami 14 nafar xotin-qiz doimiy va mavsumiy ish bilan ta’minlangan. Jumladan, ularning 8 nafari bevosita sexda, 6 nafari esa kichik yoshli farzandlari borligi sababli uyda kasanachilik asosida mehnat qilmoqda.
Shuningdek, hunarmand tashabbusi bilan 2021-yilda tashkil etilgan o‘quv markazida shu kunga qadar 700 nafardan ziyod xotin-qizga tikuvchilik va quroqchilik sirlari bepul o‘rgatildi. Mahalla fuqarolar yig‘ini bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan bu ezgu ish natijasida ko‘plab shogirdlar mustaqil tadbirkorligini boshlab, o‘z oilasi daromadini shakllantirmoqda.
Korxonada 20 dan ortiq turdagi milliy va zamonaviy mahsulotlar – milliy quroq buyumlar, ko‘rpa-to‘shaklar, uy-ro‘zg‘or jihozlari hamda beshik to‘plamlari tayyorlanadi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar mahalliy bozor va ijtimoiy tarmoqlar orqali sotilmoqda.
Tadbirkorning kelajakdagi rejalari yanada ulkan. Binoning ikkinchi qavatida qurilish ishlari yakunlanib, tikuvchilik sexi va mahsulotlarni yuvish-qavish xizmati yo‘lga qo‘yilishi hisobiga yana 50 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Jamshid YORBEKOV(surat),O‘zA