Moliyaviy savodxonlik endi yanada yaqinroq
Har yilgi an’anaga ko‘ra, yilning mart-aprel oylarida “Butunjahon jamg‘arish kuni” yoki “Global moneyweek” O‘zbekistonda keng kampaniya sifatida amalga oshiriladi. Ushbu oylik doirasidagi tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklari tomonidan amalga oshirilib, asosiy maqsad aholining moliyaviy savodxonligini oshirish, moliya, uni jamg‘arish va undan oqilona foydalanishga o‘rgatishdan iborat.
Oylik davomida bir qator tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Jumladan, butun Respublika maktablarida “Ochiq darslar”, maktab o‘quvchilari uchun O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasining numizmatika bo‘limida ekskursiyalarni tashkil qilish, tijorat banklarida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri, Toshkent shahridagi mahallalarda joylashgan kutubxonalarda “Moliyaviy rejalashtirish” mavzusida treninglar bo‘lib o‘tadi.
“Butunjahon jamg‘arish kuni” tadbirlari doirasida “O‘zmilliybank” AJ mas’ul xodimlari tomonidan Toshkent shahridagi 14 ta mahallada 270 nafardan ziyod maktab o‘quvchisi va ularning ota-onalari uchun “Moliyaviy rejalashtirish” mavzusida interaktiv mahorat darslari o‘tkazildi.
Ushbu mahorat darslari umumta’lim maktab o‘quvchilarining zamonaviy raqamli xizmatlar bozorida oqilona moliyaviy qarorlar qabul qilish va moliyaviy barqaror kelajakni qurish uchun bank xizmatlaridan samarali foydalanishga o‘rgatish hamda moliyaviy instrumentlar haqida xabardor qilish maqsadida Markaziy bank va tijorat banklari bilan birgalikda “Moliyaviy savodxon mahalla” loyihasi doirasida amalga oshirildi.
[gallery-22661]
Mahorat darsida nimalar o‘tildi?
Moliyaviy savodxonlik asoslari – pulni samarali boshqarishni o‘rgatish;
Jamg‘arma va investitsiyalar – kapitalni qanday ko‘paytirish sirlaridan boxabar qilish;
Byudjetni rejalashtirish – moliyaviy maqsadlarni qo‘yish va ularga erishish yo‘llarini o‘rgatish;
“Moliyaviy yostiqcha” – favqulodda holatlar uchun oldindan jamg‘argan pul zaxirasini tashkil etish haqida ma’lumot berish.
Asosan, maktab o‘quvchilari o‘rtasida moliyaviy savodxonlikni oshirish maqsadida tashkil etilgan ushbu tadbir, ular tomonidan moliyaviy rejalashtirishni tushunish va bu sohada oqilona qarorlar qabul qilish hamda bilimlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Trening davomida o‘quvchilar bank xodimlaridan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, zarur bilimlarga ega bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, bu kabi darslarda ishtirok etish bepul.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA