Mo‘’jizani imkon va ishonch yaratadi
“Biz bir jamoamiz, biz turlimiz, biz tengmiz”. Darhaqiqat shunday.
Bugun poytaxtimizdagi “O‘zbekiston“ forumlar saroyida 3 dekabr – Butunjahon nogironlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston milliy paralimpiya qo‘mitasi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi, “Imkon” reabilitatsiya markazi ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasi hamkorligida tashkil etilgan konsert dasturi jamiyatdagi barcha qatlamlarning imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, keng jamoatchilikning orzu-intilishlariga mos va xos maydon yaratish orqali xalqimiz jipsligini ta’minlash tamoyili asosida o‘tkazilganligi e’tiborli bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir yurtimizda 732 ming nafardan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslar istiqomat qiladi. bugungi islohotlarni ta’minlashda aholining ushbu qatlami davlatimizning doimiy e’tiborida ekanligini amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamida ham ko‘rish mumkin.
Ayniqsa, imkoniyati cheklangan, nogironligi bo‘lganlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni intilishlariga mos tarzda yo‘naltirish natijasida qo‘lga kiritilayotgan muvaffaqiyatlar ne chog‘lik ahamiyatli bo‘layotganligi raqamlarda ham aks etmoqda.
Ahamiyatlisi, teatrlashtirilgan tamosha tarzda tashkil etilgan konsert dasturining ishtirokchisi ham, ijrochisi ham, tomoshabini ham imkoniyati cheklangan, mehr-muhabbatga e’tibortalab insonlar, respublikamizning turli viloyatlaridagi reabilitatsiya va ixtisoslashtirilgan maktab internatlarining tarbiyalanuvchilari, paralimpiya sport turlari bo‘yicha malakatimiz terma jamoalarining a’zolari bo‘ldiki, ular o‘z san’atlari, chiqishlari, o‘qigan she’r, aytgan kuy-qo‘shiqlari orqali biz turli bo‘lsakda, bir jamoa va shu Vatanning teng fuqarolari ekanligimizni namoyish etdi.
Ayniqsa, baxshi Boyqobil Choriyev va Eldor Tursunovning “Biz bir jamoamiz” lapari, yengil atletika bo‘yicha Rio-2016 paralimpiya o‘yinlarining bronza medali sohibi, Osiyo o‘yinlari sovrindori Miran Saxatovning o‘ziga xos o‘ynoqi qo‘shig‘i, Nukusdagi “Imkon” reabilitatsiya markazi o‘quvchilari va 22-sonli musiqa maktabining «Aykulak» ansambli jo‘rligidagi chiqishlar, O‘zbekistonning yosh baletchilari va 100-respublika ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchilari hamkorligida yaratilgan kompazitsiyalar, shuningdek, Namangan viloyati Kosonsoy tumani yoshlarining alohida dasturlari barchaga manzur bo‘ldi.
- Davlatimiz tomonidan paralimpiya sport turlari rivojiga alohida e’tibor berilayotganligi natijasida sportchilarimiz joriy yilda o‘tkazilgan nufuzli musobaqalarda ulkan yutuqlarga erishdi.
Hozirgi kunda yurtimizda 3 mingdan ortiq jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lganlar paralimpiya sporti bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda. Ular orasida 441 nafari turli yosh toifalarida milliy terma jamoa a’zolari hisoblanadi.
Prezidentimizning “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonining qabul qilinishi esa imkoniyatlarimizni kengaytirish bilan birga, oldimizga yuksak vazifalarni qo‘ymoqda. Farmon bilan jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratish hamda ular o‘rtasida sport bilan shug‘ullanuvchilar qamrovini yanada oshirish bo‘yicha maxsus “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Barcha turdagi sport ta’lim muassasalarida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sport bo‘limlari bosqichma-bosqich tashkil etilmoqda. Ular orasidan iqtidorga ega bo‘lganlarni tanlab olgan holda kerakli sport turlariga yo‘naltirish hamda oliy sport mahoratiga erishishini ta’minlovchi uzluksiz yagona kompleks tizimni joriy etish bo‘yicha dastur ishlab chiqildi.
bugungi o‘tkazilayotgan tadbir ham aslida mana shu ishlarning mantiqiy davomidir. Eng asosiysi, tadbirning ishtirokchisi ham, tomoshabini ham, tashkilotchisi ham imkoniyati cheklangan insonlar. Bu esa biz bir jamoaligimizdan, biz turli bo‘lsak-da, tengligimizdandir, - deydi O‘zbekiston milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sharifjon Mo‘minjonov.
Tadbir tom ma’noda bayramga aylandi. Nukuslik yosh iste’dod sohiblari aytganidek, “har kuni qo‘yosh bo‘lsin, oy bo‘lsin, O‘zbekiston bor bo‘lsin”, shunda “mo‘’jizani imkon va ishonch yaratadi”.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA