Modernizm merosini asrab-avaylash bo‘yicha konferensiya
O‘zbekiston davlat san’at muzeyida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining “Tashkent Modernism XX-XXI” nomli merosni tadqiq etish va asrab-avaylash loyihasi doirasida “Toshkent dunyoning qayerida joylashgan?" mavzusida konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda me’morchilik tarixini tanqidiy qayta anglashda madaniyat muassasalarining o‘rni, bilimlarni yaratishda muzeylarning salohiyati va modernizm merosini asrab-avaylashda ahamiyatga molik namunalar muhokama etildi.

“Toshkent dunyoning qayerida joylashgan?" konferensiyasining eng ko‘zga ko‘ringan bosh ma’ruzasi mashhur golland me’mori “Office for Metropolitan Architecture” (OMA) me’morchilik byurosi hamkori Rem Kolhasning nutqi bo‘ldi.
Muayyan mavzuga oid turkum tadqiqotlar va “OMA”ning yaqinda olib borgan izlanishlariga tayanib, Rem Kolhas o‘z ma’ruzasida merosni asrab-avaylashning kelajagi borasida ham so‘z yuritdi.

Mazkur anjuman Toshkent modernizm merosini atroflicha yoritish maqsadida o‘tkazildi. Shuningdek, tadbir shahar me’moriy merosi muhofazasi bo‘yicha keng qamrovli strategiyani amalga oshirish uchun xalqaro miqyosda tajriba va g‘oyalar almashishga qaratildi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA