Moddiy yordam pullari shaffoflik asosida tarqatilmoqda
Tumanda ushbu farmon ijrosini taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar davom etmoqda.
Davlatimiz rahbarining farmoniga asosan Marhamat tumanida moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi tuman boʻlimi tomonidan bir martalik moddiy yordam pullari oʻz egalariga topshirilmoqda.
Tuman hokimi Boburjon Yuldoshev rahbarligidagi tuman Xalq banki tomonidan Polvontosh, Durafshon, Rovot, Shomat, Paxtakor hamda Yuqori Rovot mahalla fuqarolar yigʻinlaridagi fuqarolarga 220 ming soʻmdan bir martalik moddiy yordam pullari berildi.
– Oilada uch kishi – men, turmush oʻrtogʻim va oʻgʻlim yashaymiz, –deydi tumandagi Durafshon mahallasida yashovchi Sayyoraxon Polvonova. – Karantin tufayli vaqtincha ishsizmiz. Moddiy jihatdan ancha qiynalib qoldik. Prezidentimizga rahmat, har birimizga 220 ming soʻmdan pul berildi. Bundan behad minnatdormiz.
Tumanda ushbu farmon ijrosini taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar davom etmoqda. Pullarni egalariga yetkazish jarayonlarida tuman hokimi, sektor rahbarlari, jamoatchilik vakillari ishtirok etmoqda.
Viloyatdagi barcha tuman va shaharlarda bir martalik moddiy yordam pullarini berish belgilangan tartiblar doirasida, shaffoflik asosida davom etmoqda.