“Modarixon” madrasasi sayyohlarning sevimli maskaniga aylanadi
Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi tomonidan “Modarixon” madrasasida turizmni rivojlantirish maqsadida 27 sentyabr “Xalqaro turizm kuni” munosabati bilan davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda hunarmandlar, monomarkaz xodimlari ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Davra suhbatida ushbu madaniy meros infratuzilmasini jadal rivojlantirish, ob’ektdan samarali foydalanish, aholiga qulay shart-sharoitlar yaratish, tarixiy obidani salohiyatli turizm ob’ekti va maskaniga aylantirish maqsadida birlamchi choralarni ko‘rish zarurligi ta’kidlandi. Bu yerni turistlar tashrifi uchun tayyorlash va ularni targ‘ib qilish, ko‘rgazmalar xilma-xilligini oshirish, loyihalar va dasturlar ishlab chiqish kerakligi aytildi.
– Modarixon madrasasi o‘zbek xalqining madaniyati, tarixi, etnografiyasi, arxeologiyasi, folklor hayot tarzi bilan qiziquvchi turistlar uchun ayni muddao, – deydi Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi direktori Alixan Umarov. – Shu jihatdan olib qaraganda ushbu dargohga “Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazining hunarmandchilik markazi” nomi berilgan. Kelgusida milliy hunarmandchilik yo‘nalishlarini amaliy jihatdan tadqiq etish, madaniy ob’ektda istiqbolli faoliyatni amalga oshirish dolzarb vazifa hisoblanadi.
Zarif Komilov, O‘zA