Mixail Kleshko Osiyo chempionati sovrindori
Filippinda o‘tayotgan suv sporti turlari bo‘yicha Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi o‘z hisobiga ilk medalni qo‘shib qo‘ydi.
Chempionatning 50 metr masofaga chalqancha usulda suzish musobaqasida Vatanimiz sharafini himoya qilgan Mixail Kleshko marraga 26.18 soniyada uchinchi bo‘lib yetib keldi va bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, 200 metrga kompleks suzishda Yegor Petryakov 2:06.01 natija bilan 5-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Anastasiya Zelinskaya 800 metrga erkin usulda suzishda 9:17.43 ko‘rsatkich bilan yettinchi pog‘onadan o‘rin egalladi. Jamoliddin Faxriddinov esa 1 metr balandlikdan tramplindan sakrashda 202.95 ball to‘plagan holda 11-o‘rindan joy oldi.

Manila shahrida suv sporti bo‘yicha XI Osiyo chempionatining bugungi bahslarida ikki nafar hamyurtimiz – Eldorbek Usmonov va Mixail Kleshko final bosqichiga muvaffaqiyatli yo‘l oldi. Aniqrog‘i, 50 metr masofaga erkin usulda suzish bo‘yicha saralash bahslarida Eldorbek 23.16, Mixail esa 23.10 natija qayd etdi. Shuningdek, E.Usmonov 100 metr masofani batterflyay usulda 54,49 soniyada suzib o‘tdi.

Chempionatning, kechki dasturida yana ikki nafar sportchimiz Egor Petryakov va Anastasiya Zelinskaya ham ishtirok etadi. Egor 400 metrga kompleks suzishda, Anastasiya esa 1500 metr masofaga erkin usulda suzish bo‘yicha medal uchun kurashadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA