Mirzaobod tajribasi: tomorqa – katta daromad manbai
Tomorqa rizq-ro‘z, daromad manbai. Bandlik, to‘kinlik va arzonchilikni ta’minlashning samarali yo‘li. Dasturxon fayzu barakasi, turmush farovonligi, yurt obodligi undan. Faqatgina ayni ekish mavsumida fursatni boy bermay, uning kaftdek qismini ham bo‘sh qoldirmasdan, unumli foydalanilsa kifoya.
Kishida mehnatga ishtiyoq, havas bo‘lsa, albatta, maqsadiga erishadi. O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi va O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Haitov boshchiligida Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanidagi “Yangi yo‘l” MFYda tomorqadan samarali foydalanish, dehqonchilikda mashhur ushbu tuman tajribasini ommalashtirish maqsadida “Kaftdek tomorqa – katta daromad manbai” mavzusida seminar tashkil etildi.

Seminar avvalida A. Haitov yangi konstitutsiyada yoshlarga oid qator normalar o‘z aksini topganini alohida e’tirof etdi. Yangilangan konstitutsiyamizning qanchalik ahamiyatli ekani, umumxalq muhokamasi har tomonlama mukammal tashkil etilgani, parlament palatalari yig‘ilishlarida hujjat ochiq va oshkora muhokamalardan o‘tkazilganini ta’kidladi.

Qolaversa, bugungi kunda tomorqalarda amalga oshirilayotgan dehqonchilik yumushlari, parvarishlanayotgan ko‘chatlar rivojlanishi, ularga ishlov berish va zararkunandalarga qarshi kurashish ishlari hamda klaster tizimining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish va ushbu tizim joriy etilishining afzalliklari haqida ma’lumotlar berildi.

“Yangi yo‘l” MFY Yangi zamin ko‘chasida istiqomat qiluvchi Asomiddin Norqulov 20 sotix tomorqasida sarimsoqpiyoz, ko‘katlar, pomidor, bodring, kartoshka, mevali va manzarali daraxtlar yetishtiradi. Qariyb 10 yillik tajribaga ega bu mirishkor mahsulotlarini ichki bozorda sotadi. Daromadi ham shunga yarasha. Namunali tomorqachi davra suhbatida o‘z tajribasini o‘rtoqlashdi. Uning xonadonida bo‘lgan tadbir ishtirokchilari izlagan imkon topishiga, harakat qilgan aslo kam bo‘lmasligiga amin bo‘ldi. Mo‘’jazgina hovlidagi manzarali daraxtlar maftunkor chiroyi bilan hammani o‘ziga jalb etdi.

Xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va qudratli bo‘ladi. Bu tamoyil bugungi kunda mirzaobodlik mirishkorlarning ham shioriga aylangan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Tomorqadan unumli foydalangan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan tadbir doirasida sarimsoqpiyoz yetishtirish bo‘yicha ham batafsil ma’lumot berildi.

Mirzabodliklar kaftdek tomorqa – katta daromad manbai ekaniga o‘tkazilgan tadbirlar davomida yana bir bor amin bo‘lib, tomorqalarni tartibga keltirish, o‘g‘itlash va mevali hamda manzarali daraxtlarni yanada ko‘proq o‘tqazishga ahd qilishdi.
Shuhrat Suyarov,
O‘zA