Mirzaobod — Sirdaryoning baliqchilik markaziga aylanmoqda
Sirdaryo viloyatida yetishtirilayotgan baliq mahsulotlarining 70 foizdan ortig‘i Mirzaobod tumani hissasiga to‘g‘ri keladi. Ayni paytda tumanda 157 ta baliqchilik xo‘jaligi va tadbirkorlik sub’ekti faoliyat yuritmoqda. Ularda yiliga o‘rtacha 8–10 ming tonna baliq yetishtirilmoqda. Bu raqamlar Mirzaobodning viloyat baliqchilik tarmog‘idagi salmoqli o‘rnini yaqqol namoyon etadi.
Tarmoq salohiyatini yanada oshirish, ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida tumanda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Jumladan, «CA Ronghai Aquatic Science and Technology» MCHJ tomonidan umumiy qiymati 10 million AQSH dollariga teng ekologik baliqchilik xo‘jaligini barpo etish ko‘zda tutilgan. Loyiha to‘liq amalga oshirilsa, korxona yiliga 5 ming tonna baliq yetishtirish quvvatiga ega bo‘ladi.

Loyihani bosqichma-bosqich rivojlantirish belgilangan. Unga ko‘ra, 2027-yilda 1 500 tonna, 2028-yilda 3 000 tonna, 2029-yilda esa 5 000 tonna baliq yetishtirish maqsad qilingan. Dastlabki bosqichda 5 million dollar investitsiya kiritish, 2029-yilda ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish uchun yana 5 million dollar yo‘naltirish rejalashtirilgan. Xo‘jalikda baliq chavoqlarini ko‘paytirish, ularni intensiv usulda parvarishlash va tovar baliq yetishtirish jarayonlarini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.

E’tiborli tomoni, tumanda baliqchilikni rivojlantirish uchun keng suv havzalari va shakllangan ishlab chiqarish bazasi mavjud. Xususan, tumanda baliq yetishtirishda foydalanilayotgan suv havzalari maydoni 14 ming gektardan ziyod bo‘lib, shundan qariyb 6,7 ming gektari sun’iy baliqchilik havzalariga to‘g‘ri keladi. Ushbu havzalarda karp, do‘ngpeshona, oq amur, laqqa va boshqa turdagi baliqlar yetishtirilmoqda.
Shu bilan birga, tumanda 90 gektar maydonda intensiv usulda baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Mazkur tashabbus zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, suv resurslarini tejash va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

— Mirzaobod tumanida baliqchilikni rivojlantirish uchun katta salohiyat va zarur shart-sharoitlar mavjud. Endi asosiy vazifa — bu imkoniyatlardan oqilona foydalanish, suv resurslarini tejash va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish orqali tarmoq samaradorligini oshirishdan iborat. Ayniqsa, intensiv baliqchilik usullarini ommalashtirish mahsulot yetishtirish hajmini ko‘paytirish, ichki bozorni sifatli baliq mahsulotlari bilan ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi farovonligini yuksaltirishga zamin yaratadi, — deydi Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Obid Ahmatqulov.

Rejalashtirilgan investitsiya loyihalarining to‘liq amalga oshirilishi Mirzaobodda baliq yetishtirish hajmini oshirish, mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash tarmoqlarini rivojlantirishga zamin yaratadi. Eng muhimi, yangi ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushirilishi qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirishga yordam beradi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri