Mirobodda 10 ming tupdan ortiq gul ko‘chatlari ekildi
Mustaqilligimizning 35 yilligini munosib kutib olish maqsadida Mirobod tumanida ham "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" hamda "Dolzarb qirq kunlik" doirasida umumxalq hashari yuqori saviyada davom etmoqda.
Hasharda tumanning barcha mahallalaridagi mahalla raisi boshchiligida "yettilik" a’zolari, yoshlar va nuroniylar, faol xotin-qizlar hamda aholi vakillari ishtirok etdi.

Hashar davomida mahallalardagi ichki ko‘chalar, piyodalar yo‘laklari, ko‘p qavatli uylar atrofi, ijtimoiy soha ob’ektlari va jamoat joylari obodonlashtirildi. 20 kilometrdan ortiq ariq va zovurlar chiqindilardan tozalandi.

Shu bilan birga, yashil hududlarni kengaytirish va ekologik madaniyatni yuksaltirish maqsadida 10 mingdan ziyod gul va rayhon ko‘chatlari ekildi. Muqaddas qadamjolar va qabristonlar obodonlashtirildi.
O‘zA