Miroblar “Yashil makon” loyihasida faollik ko‘rsatmoqda
Toshkent viloyati Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tasarrufidagi “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari hamda tashkilotlar tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbirlari tashkil etildi. Ishchi xodimlar yo‘l bo‘ylari va suv yoqalariga 3 ming 600 dona mevali manzarali ko‘chatlar ekdi.
– So‘nggi yillarda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida suv bo‘ylari yashil hududlarga burkanmoqda, – deydi havza boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Qurbonov. – Bu atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiat musaffoligini asrash borasidagi islohotlar samarasidir. Toshkent viloyati miroblari joriy yil yakunigacha 581 ming tup ko‘chat ekishni maqsad qilgan. Mavsum boshidan beri havza boshqarmasiga qarashli suv xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan 351,7 ming dona mevali va manzarali ko‘chatlar o‘tqazildi.

– Bo‘zsuv irrigatsiya tizimi boshqarmasi ishchi xodimlari Shimoliy Toshkent kanali bo‘ylariga 2 ming 500 tup terak hamda 500 tup tol ko‘chati ekdi. Muhimi, yerga qadalgan nihollarni parvarish qilish kerak, chunki har bir ko‘chatga e’tibor zarur. Bo‘zsuvlik irrigatorlar rejaga muvofiq 50 ming nihol ekish ishlarini yakunlash arafasida, – deydi boshqarma boshlig‘i Rustam Foziljonov.


A.Musayev, O‘zA