Mirali polvon oltin medal sohibi
Poytaxtimizda davom etayotgan dzyudo bo‘yicha Gran-pri turkumiga kiruvchi xalqaro turnirning navbatdagi kunida terma jamoamiz a’zolari bittadan oltin va bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Poytaxtimizda davom etayotgan dzyudo bo‘yicha Gran-pri turkumiga kiruvchi xalqaro turnirning navbatdagi kunida terma jamoamiz a’zolari bittadan oltin va bronza medalni qo‘lga kiritdi.52 davlatdan 355 nafar eng kuchli dzyudochi ishtirokida o‘tkazilayotgan turnirda sportchilar sovrinli o‘rinlar bilan birga, 2016-yili Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi muhim reyting ochkolari uchun bellashmoqda.
Vazni 73 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar o‘rtasidagi bellashuvlarda qatnashgan hamyurtimiz Mirali Sharipov belaruslik Vadim Shoka, Janubiy Koreya vakili Ju Jin Kim, germaniyalik Igor Vandtke, yarim finalda KXDR vakili Kuk Xyon Xong, hal qiluvchi bahsda portugaliyalik Nuno Saraiva ustidan g‘alaba qozonib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
G‘olib sportchimiz sharafiga bayrog‘imiz ko‘tarilib, madhiyamiz yangradi.
– Nufuzli turnirda g‘alaba qozonib, murabbiylarim va xalqimizning ishonchini oqlaganimdan xursandman, – deydi M.Sharipov. – Xalqaro sport arenalaridagi bunday muvaffaqiyatlarimiz Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni rivojlantirish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasidir.
Ushbu vazn toifasidagi bellashuvlarda ishtirok etgan yana bir hamyurtimiz G‘iyosjon Boboyev serbiyalik Lyubica Kovashevich, xitoylik Shuay Sun, BAA vakili Viktor Skvortovni yengib, yarim finalda Nuno Saraivaga imkoniyatni boy berdi. Bronza medal uchun kechgan bellashuvda G‘iyosjon germaniyalik Igor Vandtkeni mag‘lubiyatga uchratib, uchinchi o‘rinni egalladi.