Milliy va oilaviy qadriyatlarga zid reklamalar yuzasidan tegishli choralar ko‘rildi
O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi qonuni 16-moddasiga asosan reklamada milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek, axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo‘lgan shakllar, ibora va obrazlardan foydalanish taqiqlanadi.
Mazkur hujjat normalari reklamaning madaniyatli bo‘lishi va milliy qadriyatlarni hurmat qilishini ta’minlashga xizmat qiladi. Bunday holatlar kuzatilganida uni bartaraf etishda tartibga soluvchi tashkilotlar bilan birga, albatta, jamoatchilik nazoratining o‘rni yuqori.
Kiyim-kechak do‘koni hamda mehmonxonalarning reklamasi odob-axloq me’yorlariga mos kelmaydigan tarzda joylanib, milliy va oilaviy qadriyatlarga zid obraz va iboralar qo‘llanilishi holatlari uchrab turadi va bu jamoatchilik tomonidan ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ladi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, “aykous_sekret”, “dom_penyuar”, “shiray shop”, “nargizem_shop” va “arzon hostel” Instagram sahifalarida joylashtirilgan reklama roliklarining mazmuni va unda tasvirlangan holatlar axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid ekanligi qayd etilgan.
Qo‘mita tomonidan “aykous_sekret” hamda “dom_penyuar” kiyim-kechak savdo do‘konlarining rasmiy yurituvchilariga nisbatan qonun buzilishi holati yuzasidan “Reklama to‘g‘risida”gi qonun talablarini buzgani uchun belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, yakunlari bo‘yicha moliyaviy jarimalar qo‘llanildi.
Shuningdek, “shiray shop”, “nargizem_shop” va “arzon hostel” Instagram sahifalarida joylashtirilgan reklama roliklarining mazmuni va unda tasvirlangan holatlar axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid ekanligi sababli ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli tartibda sud organlariga yuborildi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA